Aytaylik har bir tashkilot yoinki korxonalarda hamshiralar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ularning vazifasi esa o‘sha tashkilotda faoliyat yuritayotgan jamoaning sog‘ligini nazorat qilish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, bemorlarga tegishli tavsiyalar berishdan iboratdir. Ana shunday hamshiralar jamoani har qachon sixat-salomatlik borasida sergaklikka chorlab turishi uchun mavsumiy va xalq orasida ko‘p uchraydigan kasalliklar va ulardan himoyalanish, davolash borasida vaqti-vaqti bilan tushuntirish ishlarini olib borsa, maqsadga muvofiqdir.
Gepatit kasalligi ham xalqona tild bilan aytganda, “sariq” kasalligi inson salomatligi uchun zararli va birmuncha xavfli ekanligini ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz. Ammo aslida gepatit nimadan paydo bo‘ladi, uni yuqtirib olmaslik uchun nimalarga rioya etish kerak, gepatitga chalinganlik alomatlari qanday, bu haqda faqatgina mutaxassislar to‘laqonli ma’lumotga ega bo‘lishadi.
Ana shu kabi tibbiyot xodimlari jamoat joylarida ta’lim muassasalarida, odam gavjum davralarda targ‘ibot qilsa, tushuntirishlar berilsa, menimcha, kasalliklar ham o‘z-o‘zidan chekinadi.
Termiz shahridagi Prezident maktabining hamshiralari gepatit va uning oldini olish mavzusida tashkil etilgan o‘quv-seminarda o‘quvchilarga batafsil ma’lumotlar berdi. Ushbu kasallik bilan og‘rimaslik uchun oldini olish yo‘llari borasida ham tegishlicha tavsiyalar berildi.
Ushbu tavsiyalar o‘quvchilarga juda foydali bo‘lganligi ularning savollari, fikr-mulohazalaridan ham sezilib turdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, virusli gepatit — bu oʻtkir yuqumli kasallik, jigar hujayralarining zararlanishi, umumiy intoksikatsiya belgilari, teri va shilliq qavatlarning sargʻayishi, peshobning toʻq sariq yoki “pivo”ga oʻxshash, najasning oqimtir tusga (gilvata rangiga) kirishi, jigar, baʼzan taloqning ham kattalashishi bilan ifodalanadi. Virusli gepatit deganda bir-biriga oʻxshash olti xil gepatit tushuniladi, bular A, V, S, D, Ye, G viruslari qoʻzgʻatadigan kasalliklardir. Ular yuqishiga qarab ogʻiz orqali (A, Ye) va parenteral yoʻl bilan yuqadigan (B, S, D, G) xillarga ajratiladi. A va Ye virusli gepatitlarda viruslar bemorning axlati orqali tashqariga chiqadi. Shuning uchun axlat, suv, oziq-ovqat mahsulotlari, bemor foydalangan buyum va narsalardan ifloslanish juda xavfli hisoblanadi. Parenteral yoʻl bilan yuqadigan gepatitlar shprits, igna va tibbiy asboblarning yetarli zararsizlantirmasligi oqibatida, shuningdek, qon va qon preparatlari quyish hamda turli tibbiy muolajalar (ginekologik, stomatologik va b.) vaqtida yuqishi mumkin.
E.Elmurodova