Ilgari biror bir tashkilotda bo‘sh ish o‘rni bor-yo‘qligini, qanday mutaxassis ishga olinishini bilish mushkul edi. Biror bir tashkilotga ish so‘rab borsangiz, “ishchi olib bo‘lganmiz, bo‘sh ish o‘rnimiz yo‘q” qabilidagi javob bilan tashkilot eshigi yopilardi.
Bugun esa zamona zayli bilan ishga qabul qilish jarayonlari ham mutlaqo yangi tizimga o‘tdi. Davlat tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlariga ishga kiraman, istalgan idorada faoliyat yuritaman, degan fuqaro uchun imkoniyat eshiklari lang ochiq.
Hozirgi kunda vohamizda faoliyat yuritayotgan davlat tashkilotlarida 145 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni mavjud. Shaffof va onlayn tarzda, hech bir inson omilisiz istalgan davlat tashkilotiga mutaxassisligingiz bo‘yicha xoh kichik, xoh yuqori lavozim bo‘lsin endilikda vokant lavozimlarning yagona ochiq portali argos.uz orqali hujjat topshirishingiz mumkin.
Bu esa tanish-bilishchilikning, bo‘sh ish o‘rinlarini yashirishning ilojisi bo‘lmaydigan kunlar kelganini anglatadi. Biroq hujjat topshirdim, degani ishga qabul qilinganimizni anglatmaydi. Ushbu portal orqali hujjat topshirib, ishga joylashishning ham qonun-qoidasi, yo‘l-yo‘rig‘i bor, albatta.
Ko‘pchilik uchun bu tizimning ishlash tartibi, tanlovlarda ishtirok etishning yo‘l-yo‘rig‘i qiziq bo‘lishi tabiiy. Argos.uz tizimining ishlash mexanizmi hamda tanlovlarda ishtirok etishning qonun-qoidasi bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish maqsadida Termiz shahar hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali orqali o‘tkazilayotgan tanlov g‘oliblari hamda nomzodlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
—Viloyatimizdagi bo‘sh ish o‘rinlariga hujjat topshirish uchun nomzodlar idegov.uz tizimidan ro‘yxatdan o‘tib, login va parol olishi kerak bo‘ladi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali yetakchi inspektori Azimjon Hamdamov. — Shundan so‘nggina argos.uz portalida login parollari bilan istalgan davlat tashkilotidagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga hujjat topshirishlari mumkin. Tizimning yana bir qulayligi shundaki, bir nomzod bir tashkilotdagi mavjud bo‘sh o‘rinlaridan uchtasiga bir vaqtning o‘zida hujjat topshirishi mumkin. Bo‘sh ish o‘rinlari yagona ochiq portalida e’lon qilingan har bitta lavozim uchun 10 kun mobaynida hujjat qabul qilinadi va har bitta talabgorning hujjatlari 10 kun muddatda o‘rganib chiqiladi. Shundan so‘ng, 3-4 ish kuni mobaynida o‘sha davlat tashkilotining kadrlar bo‘limi tomonidan nomzodga javob xati yuboriladi. Mobodo nomzod malaka talablaridan o‘tsa, unga test-sinovlarini bajarishi uchun ruhsat etiladi. Ushbu testlar uch ish kunida o‘tkazilishi shart. Belgilangan nizomda ko‘rsatilganidek, test natijalariga ko‘ra 60 va undan yuqori ball olgan nomzodlar suhbat bosqichiga tavsiya qilinadi. Suhbat bosqichi ham ish beruvchi tomonidan belgilanadi. Bunda jarayonlar videokuzatuv moslamalari nazoratida amalga oshiriladi. Nomzodga beshta savol beriladi. Agar nomzod barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tsa, ishga qabul qilinadi.
Aslini olganda argos.uzni tashkil etishdan maqsad ishga kirish jarayonlarini soddalashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashdan iboratdir. Tizim kundan kun takomillashib, yanada qulayliklar yaratilmoqda. Suhbat jarayonida savollarda ham xolislik bo‘lishi uchun bosqichma-bosqich “random” programmasiga o‘tilayapti. Hozircha vohadagi 10 ta davlat tashkilotiga ishga kirish uchun suhbat ushu programma orqali amalga oshirilayapti. Bu degani, savolni ham maxsus dastur orqali, inson omilisiz, nomzod o‘zi tanlaydi.
Tizimdagi yana bir qulaylik shundaki, endilikda olis hududlardan hujjat topshirib, voha markaziga kelib-ketishda qiynalib testlarda ishtirok etib yurmasin degan maqsadda o‘sha hududning o‘zida test jarayonlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, nomzodlarga natijalarini e’lon qilib borishi va har bir nomzod bevosita jarayonlarni kuzatib turishi uchun xabarnoma boti ham ishga tushirilgan bo‘lib, ushbu bot orqali natijalar o‘z muddatidan kechikmagan holda nomzodga yetkaziladi.
—O‘zim Termiz shahridagi 1-umumta’lim maktabida ona tili va adabiyoti fanidan dars berardim, “Mehrobod” mahallasiga xotin-qizlar bo‘yicha mutaxassislikka nomzodimni qo‘ygandim, — deydi Jamila Badalova. — Tajribamdan bildimki, argos.uz juda shaffof va ochiq tizim. Men test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, suhbatdan ijobiy baho olganim uchun ayni paytda ushbu lavozimga ishga kirishdim. Faqat bir narsani aytib o‘tishim kerakki, oldin ham ushbu portal orqali bir necha davlat tashkilotlariga hujjat topshirib, testdan, suhbat jarayonlaridan bilimim, tajribam yetarli bo‘lmagani uchun o‘ta olmagan edim. Har bir ortga qaytishim menga saboq bo‘ldi, motivatsiya berdi. Tayyorlandim, o‘z ustimda ishladim, bilimimni yanada boyitdim. Albatta, bu o‘z samarasini berdi.
Ochiq muloqot yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.
Adolat MO‘MINOVA