Kimgadir kitobni o‘qittirish, unga mehr qo‘ydirish oson ish emas, balki majburlab o‘qitish ham shart emas. Odamning o‘zida bo‘lishi kerak. Ming marta “kitob o‘qi, fikring kengayadi, tafakkur doirang o‘sadi, aqli donishlar safida bo‘lasan” deb ko‘ring, bari befoyda. Inson kitobni o‘zi sevib, qidirib, kerak bo‘lsa, yotvolib o‘qishi kerak. Ana shundaygina kitobxonni biz haqiqiy kitob ixlosmandi deya olamiz. O‘qib uqmagan, mazmunini chaqmagan mingta kitobxondan, birni o‘qib fikr, mingni ko‘rib shukur qilguvchi kitobsevar afzal.
Kitob o‘qiyman, deganga har qadamda kutubxona hozir. Uzoqqa qidirib, kitob izlab yurish hozirning mavzusi emas. U ilgari edi. Biror bir yangi asar e’lon qilinsa, uni odamlar qayerdan topishini bilmay sarson bo‘lardi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan kitobxonlik borasida ishlar ko‘lami, sa’y-harakatlar natijasida har qadamda kutubxona bor. Bundayin kutubxonalar kitob ixlosmandlariga lang ochiq.
Viloyat bolalar kutubxonasi ham ana shunday ma’rifat va ziyo ulashuvchi maskanlardan.
Qachon qaramang, viloyat bolalar kutubxonasi o‘quv zali kitobxonlar bilan gavjum. Ushbu maskan o‘qishga ishtiyoqmand, bilimga chanqoq, zukko bolajonlarning sevimli maskaniga aylanib ulgurgani ham rost.
Viloyat bolalar kutubxonasida ayni vaqtda 100 502 dona turli nomdagi kitoblar mavjud bo‘lib, foydalanuvchilar soni 14 714 nafarni tashkil etadi. 18 391 ta badiiy adabiyotlar, 32 814 tasi esa bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblardir.
Quvonarlisi, mazkur kutubxonadan kitob olib o‘qiydigan, saboq chiqaradigan jajji bolajonlar bilan tez-tez tadbirlar ham tashkil etib boriladi. Maqsad esa ham o‘qigan kitobining bahsiga urg‘u berish, ham mashhur, tarixiy shaxslar hayoti va faoliyati bilan kitobxonlarni yaqindan tanishtirish.
“Kitob haftaligi” doirasida viloyat bolalar kutubxonasida bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Amir Temur tavalludining 686-yilligi munosabati bilan Termiz shahar 13-umumta’lim maktabi bilan hamkorlikda tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbirda Termiz davlat muzey qo‘riqxonasi xodimlari ham muzeydagi eksponatlari bilan ishtirok etdi.
2-aprel Xalqaro — bolalar kitoblari kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Kitob haftaligi” doirasida shuningdek, talabalar hamda harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Zakovat” o‘yinlari ham o‘tkazildi. Unda Termiz davlat universiteti pedagogika instituti talaba-yoshlari, viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi harbiy xizmatchilari bilan birgalikda boshqa jamoalar ham ishtirok etib, chaqqon va bilimdon yigit-qizlar aylana stol atrofida bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Yakunda g‘olib bo‘lgan jamoa viloyat bolalar kutubxonasi tomonidan diplom va kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.
A.Safarova