Bir paytlardagi talaba ishlashiga to‘sqinlik qiladigan sabablar ham, holatlar endi yo‘q. Endi talaba ham ishlashi, mustaqil hayotda, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishlari uchun birinchi qadamni tashlayapti.
Maftuna Sodiqova Termiz davlat universitetining maktabgacha ta’lim fakulteti talabasi. 4-bosqichni tamomlayapti-yu, hali-hamon bir ishning boshini tutmagandi.
Termiz davlat universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-martda oʻtkazilgan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari bandligini taʼminlash orqali ularning turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash hamda universitet talabalariga darsdan boʻsh vaqtlarida ish bilan bandligini taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasining tashkil etilgani Maftuna yanglig‘ ko‘plab talabalarning o‘z karyerasini boshlash uchun katta turtki bo‘ldi. U shu kunning o‘zida Termiz shahridagi 20-MTT bilan shartnoma imzolab, tarbiyachi xodim sifatida ishga qabul qilindi. Albatta, bu imkoniyat Maftunaga bolalar psixologiyasini o‘rganib, kelgusi faoliyatida qiladigan ilmiy ishlarida poydevor bo‘ladi.
— Hurmatli Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi talabalarimiz hayotida muhim voqelik bo‘ldi, — deydi Termiz davlat universiteti Axborot xizmati rahbari Inobat Karimova. — Talabalarni ish bilan ta’minlash masalasi, bu boradagi tizimni o‘zgartirish bo‘yicha qilgan takliflarini barcha oliy ta’lim muassasalari qatori Termiz davlat universiteti mas’ullari ham yaxshi kutib olib, bu borada keng ko‘lamdagi amaliy ishlarni boshlab yubordik. “Ustoz-shogird” tizimi bo‘yicha shahar va tumanlar kesimida 103 nafar tajribali ustozlar tanlanib, 184 nafar yuqori kurs talabalari biriktirilgan holda ish bilan ta’minlandi. Oliygohning o‘zida 50 ga yaqin yigit-qiz o‘quv yordamchi xodim sifatida ishlab kelmoqda. hatto, joriy tamirlash jarayonlarida ham talabalar mehnatidan foydalanib, ularga ish haqlari to‘lab kelingani ham ularga bir yordam, deyish mumkin.
Surxondaryo viloyat hokimligi, Termiz davlat universiteti hamda viloyat Bandlik bosh boshqarmasi hamkorligida oʻtkazilgan boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasida shahar va tumanlarda faoliyat yurituvchi tashkilot, muassasa, korxonalar va yirik tadbirkorlik subyektlari vakillari boʻsh ish oʻrinlari bilan qatnashdilar.
Mehnat yarmarkasi ish beruvchi va talabalar bilan gavjum. Taklif etilgan 2 512 mingga yaqin vakant ish oʻrni ish izlovchilarni befarq qoldirmadi. O‘z navbatida har bir fakultet, kafedralar erishgan yutuqlarini ko‘z-ko‘z qilib, ko‘rgazma tashkil etgan. O‘z navbatida bu ko‘rgazmalar ish beruvchilarning-da e’tiborini tortmay qo‘ymadi. Viloyatning turli tumanlari, olis qishloqlaridan tashrif buyurgan tashkilotlar, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarining vakillari talabalar bilan suhbatda bo‘lib, kerakli kadrni tanlashga bel bog‘lagan.
Mazkur yarmarkada 3 ming nafardan ortiq talaba ishtirok etib, shu yerning oʻzida 300 nafardan ortiq yigit-qiz ishga joylashish uchun yo‘llanmaga ega bo‘ldi.
Sayyora Normurodova