Viloyat yuridik texnikumi: jarayon, imtiyoz va rejalar

Date:

Ijtimoiy hayotdagi aksariyat masala va muammollar huquqlarimizni yaxshi anglamaslik, majburiyatlarimizni to‘laqonli ado etmaslik kabilardan boshlanadi. Shuning uchun ham jamiyatimizda huquqshunoslarga ehtiyoj yuqori. Fuqarolarning huquqiy bilimini oshirish, huquqshunoslarning katta bir jamoasini jamiyatga yetishtirib chiqarish borasidagi ishlarni olaylik, joylarda yuridik texnikumlar tashkil etilgani, bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi, desak adashmagan bo‘lamiz.

Xabaringiz bor, Prezidentimizning 2018-yil 13-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda 2019-yil 6-sentyabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, viloyatlarda yuridik texnikumlar tashkil qilingan edi. Ana shunday ta’lim maskanlaridan biri Termiz shahrida ham ish boshlagandi.

Xo‘sh, texnikum hayotida qanday yangiliklar bor? Qanday o‘zgarishlar amalga oshirilayotir? Viloyat yuridik texnikumida ikki yil mobaynida kontrakt asosida bilim olish o‘quvchi-yoshlar uchun qanday imtiyozlar beradi? Bu kabi savollar bilan viloyatimizda yagona hisoblanadigan bo‘lajak yurist, sudya, advokatu natariuslar tahsil olayotgan yuridik texnikumga bordik.  

Texnikumga kirib borar ekansiz, kitob qo‘ltiqlagan, bir-biri bilan huquqiy mavzularda bahs boylashayotgan, qonunlar sharhini biri ikkinchisiga tushuntirayotgan chinakam yuristlar olamiga tushib qolganday bo‘lasiz. Egnilaridagi formasining o‘ziyoq, kishida o‘zgacha tasavvur uyg‘ota oladi. Yurish-turishi ham, kiyinish odobi ham texnikum darvozasidan kirib kelgan mehmonga ko‘rsatayotgan iltifoti ham yuristlarga monand. Bu holat diqqatni oshiradi. Texnikumda tashkil etilgan sayyor sud jarayoni esa yanada qiziq.

Bir jinoyat ustida bosh qotirayotgan, haqiqiy jinoyatchining kimligini ochishga urinayotgan oqlovchiyu qoralovchi ham, ularning keltirayotgan dalillarini ham birma-bir tinglayotgan sudya ham o‘quvchilar orasidan tanlab olingan.

Bundan ko‘rinadiki, o‘quv mashg‘ulotlari nazariya va amaliyot, sohaga yanada yaqinroq kirish maqsadida ham ayni shu uyg‘unlikda ish olib borishayotir.

—Ayni paytda viloyat yuridik texnikumida sud huquqiy faoliyat, davlat huquqiy  faoliyat, yuridik xizmat mutaxassisliklari yo‘nalishlarida 338 nafar o‘quvchi-yoshlar tahsil olmoqda, — deydi viloyat yuridik texnikumi rahbari Azamat Aliyev. — Sudya yordamchisi, devonxona mudiri, arxiv mudiri, davlat ijrochisi, FHDYO inspektori, davlat xizmatlari markazi mutaxassisi, yuriskonsult yordamchisi, xodimlar bo‘yicha inspektor, notarial idoralar kotibi kabi guruhlarda o‘quvchilar soha sirlarini o‘zlashtirishmoqda.

1-bosqichda 150 nafar, 2-bosqichda  186 nafar qorako‘zlar adolatli jamiyatning qonun posbonlari bo‘lish niyatida tahsilga oshiqadi. 15 nafar  malakali o‘qituvchi-pedagoglar esa o‘quvchi-yoshlarga ta’lim berib kelayotir.

O‘quvchilarning nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llay olishlarini inobatga olib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan memorandumlar imzolangan bo‘lib, texnikumning o‘zida sud zali ham tashkil etilgan. Jinoiy, ma’muriy, fuqarolik, iqtisodiy ishlarga  oid sayyor sudlar shu yerning o‘zida muntazam ravishda olib borilmoqda. Shuningdek, o‘quvchilar o‘z yo‘nalishlarida ko‘proq bilim va tajribaga ega bo‘lishlari uchun sud, prokuratura, IIB organlaridan mutaxassislar jalb qilingan holda dars mashg‘ulotlari olib borilayapti.

O‘z navbatida o‘quvchilarning o‘zlari ham xuddi shu dargohlarga amaliyotga, ish o‘rganish maqsadida borib turishadi.

Texnikumda dars mashg‘ulotlari kunduzgi hamda sirtqi ta’lim shaklida yo‘lga qo‘yilgan.   Bu esa ham ishlab, ham o‘qiyman degan kishiga yaxshi bir imkoniyat aslida.

O‘quvchilar darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun texnikumda 300 mb/s tezlikda optik tolali internet ulangan bo‘lib, bu imkoniyatlar ular uchun ayni muddao. Bundan tashqari, fan va sport to‘garaklari ham o‘quvchilarning salohiyatini yuzaga chiqarish, bilimini yanda mustahkamklash yo‘lidagi bir qadam. Ayniqsa, ingliz tili to‘garagi doimo o‘quvchi-yoshlarni chorlaydigan ajoyib fursat.

Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan 21 turdagi fanlarga oid yangi avlod darsliklari hamda ularning elektron varianti  texnikum axborot resurs markaziga berilgan bo‘lib, bu esa o‘quvchilarning sohaga oid darsliklardan unumli foydalanishida qo‘l keladi. Qolaversa, Toshkent davlat yuridik universiteti axborot resurs markazi elektron bazasiga ulangan bo‘lib, o‘quvchilar ushbu nufuzli dargoh kutubxonasidagi barcha kerakli adabiyotlar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalardan foydalanishlari mumkin.

“Yuridik klinika”ning foydasi

Shuningdek, yoshlar muammolarini o‘rganish, ularning murojaatlarini ko‘rib chiqib, kerakli maslahat va tavsiyalar berish, hamda muammoli masalalarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish, korrupsion holatlarning odini olish hamda texnikum faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida texnikum direktorining telegram boti muntazam ishlab turgani va unga o‘quvchilar murojaat qilib, o‘zlarini qiynayotgan muammolarni ochiq oydin ayta olishlari, taklif va g‘oyalarini ilgari surishida, shuningdek, ta’lim dargohida yuz berishi mumkin bo‘lgan turli xil holatlarning oldini olishda va ta’lim sifati va samaradorligini oshirishda qo‘l keladi.

Texnikumda o‘qiyotgan o‘quvchilar va ularning oilaviy holati bilan bog‘liq muammoli vaziyatlarni vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida shu yerning o‘zida “Yuridik klinika” ham tashkil etilgan bo‘lib, unda biror muammo yoki qiyin vaziyatga duch kelgan o‘quvchilarga maslahat va tavsiyalar berish orqali ko‘maklashiladi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatiladi.

Shuningdek, ta’lim maskanida “Street lab” ya’ni xalqona tild bilan aytganda, ko‘cha huquqi volontyorlar guruhi tashkil etilgan bo‘lib, unda iqtidorli, bilimli yoshlar ixtiyoriy ravishda qonunchilikda belgilab qo‘yilgan, o‘zlari bilgan va anglagan huquqiy bilimlarni joylarga borib targ‘ib qilishadi. Fuqarolarga huquqiy tushunchalar berishadi.

Imtiyozning “qaymog‘i”

Ushbu ta’lim muassasasida tahsil olish o‘quvchiga shunchaki yo‘nalishi bo‘yicha bilim berish va tajriba orttirish bilan cheklanib qolmasdan, qator imtiyozlarni ham beradi.

—Imkoniyatdan foydalanish uchun esa o‘quvchining o‘zi ham, bilimi ham bir qator talablarga javob berishi kerak bo‘ladi, — deydi Azamat Aliyev. — Jumladan, yuridik texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar, ya’ni bitiruvchining har bir fandan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi reyting natijalari bo‘yicha 71 va undan yuqori foizni tashkil qilishi, bitiruvchining chet tilini B2 va undan yuqori darajada bilishini tasdiqlovchi amaldagi davlat malaka sertifikati yoki xalqaro sertifikatga ega ekanligi hamda bitiruvchining texnikum ijtimoiy hayotidagi faol ishtiroki (ma’naviy-ma’rifiy va jamoat ishlari, loyihalar va tanlovlarda ishtirok etishi va boshqalar), ta’lim dargohida o‘rnatilgan ichki tartib qoidalar, odob-axloq meyorlariga rioya etishi, xulq-atvori bilan namuna ko‘rsatgan bitiruvchi hududiy adliya organining yo‘llanmasi asosida Toshkent davlat yuridik universitetiga, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga, Samarqand davlat universitetiga, Namangan davlat universitetiga, Termiz davlat universitetiga hamda Qoraqalpoq davlat universitetiga test sinovlarisiz suhbat asosida  ikkinchi kursdan o‘qishga qabul qilinadi.

Bundan tashqari, texnikumni tamomlagan har bir o‘quvchining o‘z yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lish imkoniyati ham mavjud. Negaki, 2021-yilda yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma ta’lim dasturiga ko‘ra, Rossiya, Belorussiya, Qozog‘iston kabi davlatlarning yuridik universitetlari bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib, texnikum bitiruvchilari zoom platformasi orqali ushbu nufuzli oliy o‘quv yurtlariga suhbat asosida o‘qishga kirishlari mumkin. Xorijiy davlatda o‘qish ikki yil davom etsa, qolgan ikki yili yurtimizdagi oliy ta’lim dargohida  o‘qitiladi. Natijada bitiruvchilarga har ikki davlat oliy ta’lim muassasasining diplomi beriladi. Bu esa o‘quvchiga har ikki davlatda ham o‘z mutaxassisligida ishlash imkoniyatini yaratadi.

Ishlar beshu natija qanday?

Yuridik texnikumda asosan mutaxassislik fanlarning o‘zlashtirilishiga e’tibor qaratilganligi bois ham, o‘quvchilar bu yerda salkam yurist bo‘lib yetishadi.

—Bitiruvchilarimiz o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha 89 ta mutaxassislikda,  xususan, notarius yordamchisi, FHDYO  bo‘limi inspektori, davlat xizmatlari markazi mutaxassisi, sudya yordamchisi hamda davlat ijrochisi lavozimlarida ishlashlari mumkin, — deydi texnikum rahbari Azamat Aliyev. — Ammo, bu degani o‘sha tashkilotlar texnikumni tamomlaganlarni ishga olishlari biror bir normada ko‘rsatib o‘tilmagan. O‘quvchining bilim salohiyati, ishni eplab ketishi esa tegishli tashkilotlarga ishlashga yo‘l ochadi. Endilikda texnikumni tamomlaganlarni ishga olish bo‘yicha ham qator taklif va loyihlarni ilgari surayapmiz. Toki bu yerni tamomlagan o‘quvchi ko‘chada qolmasin, yo oliy o‘quv yurtiga kirsin yoinki biror bir tashkilotda ish boshlasin. Shundagina texnikumni tamomlagan bitiruvchilarning kelajagi kafolatlangan bo‘ladi.   

O‘tgan o‘quv yilida ushbu ta’lim muassasasini tamomlagan 102 nafar o‘quvchining ikki nafari ingliz tilidan sertifikat bilan Toshkent davlat yuridik universitetiga suhbatga borib, bir nafari talaba bo‘ldi. Shuningdek, uch nafar bitiruvchi qo‘shma ta’lim dasturi asosida Rossiya davlatida yuridik yo‘nalishda tahsilni davom ettirayapti. Ko‘plab o‘quvchilar notarial idoralarda, davlat xizmatlari markazlarida,  FHDYO organlarida faoliyat olib borishayotir.

Texnikum o‘quvchilari fan va mashg‘ulotlardan tashqari turli xil tanlovlarda ham muntazam ravishda ishtirok etib kelmoqda. Shuningdek, eng faol, bilimi va zukkoligi bilan ajralib turadigan besh nafar o‘quvchi “Vazir stipendiyasi”ni oladi. Ularga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida stipendiya beriladi.

Yuridik universitet filiali ochiladi…mi?

Viloyatimizda yuridik texnikum tashkil etilganiga oz fursat o‘tgan esa-da, amalga oshirilgan ishlarga qaraganda ham oldinga qo‘yilgan rejalar bisyor. Texnikumga qarashli 4 gektar yer maydonida 150 o‘rinli yotoqxona qurish, o‘quv binolarini zamon talablari asosida qayta ta’mirlash, qo‘shimcha bino va inshootlar qurish va shu orqali kelgusida Toshkent davlat yuridik universitetining filialini ochish ham ulkan rejalarga hamohang.

Sud zallari, amaliyot mashg‘ulotlarini olib borish uchun barcha kerakli innovatsion texnologiyalarni o‘zida mujassam etgan zamonaviy ta’lim maskani qurilishini mamnuniyat bilan tilga olayotgan texnikum rahbari, o‘quvchi-yoshlarning kelgusi taqdiri, mutaxassisligi bo‘yicha malakali bilim olishi, nufuzli tashkilotlarda ishlab, jamiyatga foydasi tegishi kerakligini, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar meva berishini istaydi. 

Yana bir gap. Qator imtiyozlarga ega ushbu ta’lim dargohiga o‘qishga kirish uchun avgust oyida davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan imtihonlarda bilimini sinovdan o‘tkazib, yuqori ball to‘plagan abituriyentlar o‘qishga qabul qilinadi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalariga yuridik yo‘nalishlarga o‘qishga topshirib, lekin talaba bo‘la olmagan, umumiy ballning 60 foizidan yuqori ball to‘plagan abituriyentlar yuridik texnikumga suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi.  Bu ham huquqshunos, adolat posboni bo‘lish ishtiyoqi baland yoshlar uchun yana bir imkoniyat demakdir.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

MIB xodimi jahon chempionatida…

Inson qaysi sohada faoliyat yuritmasin, qiziqishlari uni tark etmaydi....

Murosasiz bahslarda…

Maydonga tushadigan har bir sportchi raqibini yengib, g‘olib bo‘lishni...

Ilk bor urib turgan yurak ko‘chirildi

Italiyaning Paduya shahrida dunyoda birinchi marta urib turgan yurak...

“IIB bog‘i” tashkil etildi

Atrofimiz yashillikka burkansa, buning insoniyatga, ekologiya va tabatga ta’sorini...
KunTun
KunTun