Islohot islohot uchun emas, inson uchun tamoyili qachon samara beradi? Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi qachon o‘z so‘zini aytadi? Yurtda amalga oshirilayotgan islohotlar, hududiy davlat dasturlari isrosi to‘la to‘kis bajarilsa, xato va kamchiliklar ro‘y-rost ko‘rsatilsa, shunchaki hisobotlarda bajarildi, amalga oshirildi, qabilida ish ko‘rilmasa, albatta, yurt taraqqiy topadi, inson qadri yanada yuksaladi.
Hududlarda amalga oshirilayotgan davlat dasturlari, yirik-yirik loyihalar ijrosini ta’minlash, mazmun-mohiyatini kengroq tahlil etish va qilinayotgan ishlarning muntazam nazoratini olib borish maqsadida viloyatlarda Yangi O‘zbekiston strategiyasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tuzilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad esa jamoatchilikni qiynayotgan muammo va masalalarga ijobiy yechim topish, tegishlicha loyihalarni ilgari surish, va shu orqali aholiga yanada qulaylik yaratishdan iboratdir.
Vohamizda amalga oshirilayotgan islohotlarni monitoring qilish yuzasidan 27 kishidan iborat jamoatchilik guruhi tashkil etildi. Ularning asosiy vazifasi hududiy rivojlantirish dasturlarini monitoring qilish hamda har chorakda xalq deputatlari viloyat Kengashiga hisobot kiritish, jamoatchilik loyihalarini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etishdan iboratdir. Bu haqida viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari viloyat Kengashining 47-sessiyasida batafsil ma’lumot berildi.
Sessiya ishida Oliy Majlis senati a’zolari, xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari hamda boshqa aloqador tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Shuningdek zoom platformasi orqali xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari sessiyada qatnashdi.
-Islohotlar amalga oshirilayapti, ishlar baravj, deya huajjatlarni qoralaymizu, ammo mazmun-mohiyati, uning aholiga qulaylik tomoni va qilinayotgan ishlarning risoladagidekligi bilan ko‘pam qiziqavermaymiz, — deydi “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov. — Natijada esa jamoatchilikni qiynayotgan muammo va masalalar kun sayin bolalayveradi. Misol uchun, kam ta’minlangan oilalar uchun qurilgan uylarni borib o‘rgansangiz, narxi qimmat, kamchiliklari ham yetarlicha topiladi. Bu kabi holatlarning oldini olish va hududda amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligiga erishish, o‘rganilgan ishlar yuzasidan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida joylarda tuzilayotgan jamoatchilik guruhlarining oldiga aniq vazifalar qo‘yilayotgani ham o‘z samarasini beradi, albatta.
Shuningdek, sessiya ishida ko‘rilga ikkinchi masala ham bevosita inson va uning qadrini oshirish, mahallalarga munosib oqsoqollarni rais etib saylashga qaratildi. Joriy yilning may oyida o‘tkazilishi kutilayotgan fuqarolar yig‘inlari raisligiga o‘tkaziladigan saylovlarni tashkil etish, saylovlarning oshkora va haqqoniy tarzda o‘tinishi ta’minlash maqsadida 23 kishidan iborat kommisiya tarkibi tasdiqlab olindi. Ular endi tuman va shaharlardagi komissiyalarga biriktiriladi va saylovning to‘la-to‘kis, qonuniy me’yorlar asosida o‘tishini ta’minlashda bosh-qosh bo‘ladi.
Viloyatimizda mavjud 721 ta mahallaga saylovda halol, har jihatdan bilimli va tashabbuskor, aholining dardini tinglay oladigan, vijdonli nomzodlar saylanishi bevosita komissiya a’zolarining xatti-harakati va ishga mas’uliyat bilan kirishishiga ham bog‘liq.
Sessiya yakunida viloyat budjetiga respublika budjetidan ajratilgan ssuda mablag‘lari masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Sessiyada ko‘tarilgan masalalar yuzasidan xalq deputatlari viloyat Kengashi tegishlicha qaror chiqardi.
Adolat MO‘MINOVA