Har bir fuqaroning hayoti davomida notarial idoralariga ishi tushadi. Notariat — huquqlarimizni qonuniyligini ta’minlaydigan, nizolarning oldini olishga qaratilgan muhim institut hisoblanadi. Shu sababli ham ushbu sohani isloh qilishga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda.
Mamlakatimizda notariat institutining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash hamda notarial idoralar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy xizmat ko‘rsatishning sifat darajasini oshirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2016-yildan boshlab notariat sohasini raqamlashtirishga kirishildi, dastlab mulklarga oid taqiqlarning yagona markazlashgan axborot bazasi, keyinchalik “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratildi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-fevraldagi “Bitimlarni notarial tasdiqlash tartibini idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llagan holda takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy qilinganligi rasman e’lon qilindi. Ushbu qaror bilan idoralararo elektron hamkorlik yo‘li bilan almashiladigan ma’lumotlar belgilab berildi, ya’ni ko‘chmas mulkka oid kadastr ma’lumotnomasi turar joy ro‘yxatida turuvchilar to‘g‘risidagi, kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlikka oid ma’lumotlar onlayn tarzda olinishi yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida shaxsiy kabinet orqali bitimlar loyihalarini tayyorlash, notarial harakatlar haqida tushuntirishlar olish va notarius qabuliga oldindan yozilish uchun murojaat qilish mexanizmini joriy qilish belgilandi.
Keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-maydagi 3741-sonli” Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra notarial xizmatlarning butun kompleksi va u bilan bog‘liq xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha, shu jumladan, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni idoralararo elektron o‘zaro hamkorligi, shuningdek, notarial idoralarning kuryer xizmatlari orqali olinishini nazarda tutuvchi notariatning faol modeliga o‘tish joriy qilindi.
Notariatning faol modeli doirasida notariuslar tomonidan bitimlarni “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha tasdiqlashda davlat organlari va tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi ma’muriy reglamentlari ishlab chiqildi.
Ushbu tizim jismoniy va yuridik shaxslarning notarial harakatlarni amalga oshirishga oid murojaatlarini tez, sifatli ko‘rib chiqish imkoniyatini beradi.
2021-yil 1-sentyabrdan fuqarolarning avtomototransport vositalari bilan bog‘liq ishonchnomalarni IIB xodimlariga taqdim etish majburiyati bekor qilindi, ya’ni tasdiqlangan ishonchnomalar tizim orqali IIBga avtomatik tarzda ko‘rinadi va uning hujjatli variantini tasdiqlash zarurati qolmadi.
Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida mamlakatning butun hududi bo‘ylab eksterritoriallik tamoyili asosida notarial xizmatlarni ko‘rsatish joriy qilindi, ya’ni ayrim notarial harakatlar, ya’ni meros guvohnomasi berish, meros mulkini qo‘riqlash va shu kabi harakatlardan tashqari boshqa barcha harakatlar respublikadagi istalgan notarial idora orqali amalga oshiriladi.
Oxirgi kiritilgan yangiliklar haqida gapiradigan bo‘lsak, mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan bitimlarni (ijara va tekin foydalanishga berish shartnomalarini, boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishonchnomalarni), ijro xatlarini, hujjatlarning bir tildan boshqa tilga to‘g‘ri tarjima qilinganligini shahodatlashni, arizalarni (propiska qo‘yishga rozilik, voyaga yetmagan farzandni chet elga chiqishga rozilik arizalarini va majburiyatnomalarni) elektron raqamli imzodan foydalangan holda rasmiylashtirish joriy qilindi.
Shuningdek, notariat sohasida videokonferens aloqa rejimi orqali bitimlarni tasdiqlash yo‘lga qo‘yilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, notariat sohasidagi islohotlar o‘z navbatida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini notarial harakatlarni amalga oshirish orqali ta’minlashga xizmat qilmoqda hamda ularning murojaatlarini tez va sifatli ko‘rib chiqish imkoniyatini kengaytirmoqda.
Umid Karimov,
Angor tumanida xususiy amaliyot
bilan shug‘ullanuvchi notarius