Surxon vohasida azaldan mardlik, jasorat va polvonlik qadrlangan. Bugun ana shu qadimiy an’analar buyuk alloma Al-Hakim at-Termiziy nomi bilan bog‘liq muqaddas zaminda yana bir bor namoyon bo‘lmoqda. Termiz shahrida alloma xotirasiga bag‘ishlangan “Mardlar maydoni” xalqaro ochiq kurash turniriga tantanali ravishda start berildi.
1993-yilda mahalliy polvonlar ishtirokida boshlangan musobaqa 1995-yildan xalqaro maqom kasb etib, yillar davomida o‘zbek kurashining dovrug‘ini dunyoga taratib kelmoqda. Turnir tarixida mutlaq vazn toifasida bosh sovrinni qo‘lga kiritgan O‘rol To‘rayev, Abdulla Tangriyev, Samijon Ubaydullayev, Abdulla Xoliyorov, Boltaboy Boltayev va Muhsin Hisomiddinov kabi nomdor polvonlar nomi alohida hurmat bilan tilga olinadi.
Bu yilgi bellashuvlarda 15 dan ortiq davlatdan 100 nafardan ziyod polvon g‘oliblik uchun kuch sinashmoqda. -73 kg, -81 kg va +90 kg vazn toifalarida kechayotgan murosasiz olishuvlar gilamda haqiqiy mahorat, kuch, iroda va mardlik namoyishini yuzaga chiqarmoqda.
“Mardlar maydoni” shunchaki sport musobaqasi emas, balki milliy qadriyatlarimiz, polvonlik an’analarimiz va o‘zbek kurashining xalqaro nufuzini namoyon etuvchi katta sport bayramidir. Termizda yangragan polvonlar hayqirig‘i esa ajdodlardan meros mardlik va jasorat ruhining davomiyligidan darak beradi.

