Xalqaro hamkorlik va xorijiy investitsiyalar hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda sanoat tarmoqlarini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi. Bu borada Turkiya bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik Surxondaryo uchun ham yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ochmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida O‘zbekiston – Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasidagi biznes forumda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ham ishtirok etib, turkiyalik ishbilarmonlar bilan «Hukumat – biznes» (G2B) formatida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralarda viloyatda to‘qimachilik, kimyo, oziq-ovqat, energetika, qurilish va tibbiyot yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, «Zelantex» va «Deniz Teks» kompaniyalari bilan mato ishlab chiqarish, «Merkez Anadolu Kimya» bilan o‘g‘it aralashtirish korxonasini tashkil etish, issiqxonalarni agrokimyo mahsulotlari bilan ta’minlash, «Limmo» bilan limon sharbati va limonad ishlab chiqarish rejalari muhokama qilindi.
Shuningdek, «Ko‘çkak Çinori» kompaniyasi bilan bug‘doyni qayta ishlash korxonasini modernizatsiya qilish, 200 MVt quvvatli quyosh elektr stansiyalarini tashkil etish va quyosh panellarini yetkazib berish, «Bigway Alüminyum» bilan alyuminiy profillar ishlab chiqarish, «Koraks İnşaat» va «Denay İnşaat» bilan 650–800 o‘rinli shifoxona qurish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Uchrashuvlar yakunida umumiy qiymati 560 million AQSH dollariga teng 10 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

