17-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bir yillik maktabga tayyorlovni majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida belgilashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Mazkur hujjat maktabgacha va maktab ta’limi tizimlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, bolalarni maktabga tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, bir yillik majburiy maktabga tayyorlov umumiy o‘rta ta’lim tizimiga kiritiladi. Uni maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida tashkil etish hamda bolalarning ushbu tayyorlovdan o‘tish huquqini kafolatlash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, taklif etilayotgan o‘zgartirishlar bolalarning ta’lim olish huquqlarini ta’minlash, ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish va O‘zbekiston ta’lim tizimining xalqaro miqyosdagi tan olinishini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

