Hududlarda aholi turmush farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va yangi daromad manbalarini yaratish faqat mavjud imkoniyatlarni ishga solish bilangina emas, balki ularni aniq loyihalar va samarali tashabbuslar bilan qo‘llab-quvvatlashni ham talab etadi. Shu maqsadda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Angor tumanida bo‘lib, aholi bandligi, tadbirkorlik va iqtisodiy salohiyatni rivojlantirish borasidagi ishlar bilan tanishdi.
Dastlab, Faravon mahallasida aholi vakillari bilan muloqot o‘tkazildi. Unda xonadonlar daromadini oshirish, ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Fuqarolarning taklif va muammolari tinglanib, ularni hal etish yuzasidan mas’ullarga vazifalar belgilandi.
Shundan so‘ng, «Angor kelajagi savdo kompleksi» MChJda amalga oshirilayotgan ishlar holati ko‘zdan kechirildi. Savdo majmuasi faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va iqtisodiy samaradorligini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Tashrif davomida bandlikni ta’minlashning yana bir muhim yo‘nalishi — fuqarolarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga tayyorlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Xususan, Madaniyat mahallasidagi 3-son texnikumda Migratsiya agentligi tomonidan xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni kasb va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi. O‘quv jarayonlari, talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash hamda kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, Angor karvonsaroy bozori faoliyati o‘rganilib, savdo sharoitlarini yaxshilash, ish samaradorligini oshirish, mavjud muammolarni bartaraf etish va bozor infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

