Raqobat qo‘mitasi takliflari asosida Prezidentning 2026-yil 22-sentyabrdagi 202-son Farmoni bilan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartiblariga qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Endilikda qarzdorligi sababli elektr yoki gaz tarmog‘idan uzilgan iste’molchilarni qayta ulash uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi. Avval maishiy iste’molchilardan BHMning 2 baravari, yuridik iste’molchilardan esa 10 baravari miqdorida undirilgan to‘lov bekor qilindi.
Shuningdek, ulangan quvvati 750 kVA va undan ortiq bo‘lgan ayrim iste’molchilar uchun elektr energiyasining yarim tig‘iz davrida — soat 09:00 dan 17:00 gacha 1,5 baravar kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi. Tungi davr uchun amalda bo‘lgan 1,5 baravar kamaytiruvchi koeffitsiyent esa bekor qilindi.
Qarzlari mavjud bo‘lmagan va zamonaviy hisoblagichlar bilan ta’minlangan “namunali iste’molchilar” uchun ham qulayliklar yaratildi. Ular oy boshiga qadar 15 foiz oldindan to‘lov qilib, qolgan summani oy davomida to‘lashlari mumkin.
Issiqxona xo‘jaliklari uchun ham tabiiy gaz bo‘yicha alohida to‘lov tartibi joriy etildi. Unga ko‘ra, oktyabr–mart oylarida gaz uchun 50 foiz oldindan to‘lov qilinib, qolgan qismi oy yakunigacha to‘lanadi.
Kiritilgan o‘zgartirishlar iste’molchilar uchun ortiqcha to‘lovlarni bartaraf etish, to‘lovlarni amalga oshirishda qulaylik yaratish va ularning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.

