Sudning xolisligiga aralashish va adolatli qaror qabul qilinishiga ta’sir o‘tkazishga urinish endi yanada og‘irroq jazoga sabab bo‘ladi.
12-sentyabrdan kuchga kirgan qonun bilan sud ishlarini hal etishga noqonuniy aralashganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Sudya yoki xalq maslahatchisiga ishning xolis ko‘rilishiga to‘sqinlik qilish yoki adolatsiz qaror chiqarilishiga erishish maqsadida noqonuniy ta’sir o‘tkazgan shaxs 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Bunday harakat mansabdor shaxs tomonidan sodir etilsa, jazo 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etadi. Shuningdek, sud binosida tartibni buzish yoki sud raisining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik uchun 1–3 BHM miqdorida jarima belgilandi.
Yangi tartib sudyalar mustaqilligi va odil sudlovga tashqi ta’sirlarning oldini olishga qaratilgan.

