Termiz davlat universitetida talabalar uchun yangi imkoniyat — Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofiq tashkil etilayotgan markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan TerDU rektori Abduqodir Toshqulov hamda Mudofaa vazirligi Harbiy kadrlarni tayyorlash bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Ulug‘bek Ahmedov boshchiligidagi mas’ullar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda markaz uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shtatlar birligini shakllantirish, talabalarni belgilangan tartibda saralash hamda o‘quv jarayonini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Markazda jami 155 nafar talaba tahsil olishi rejalashtirilgan. Shuningdek, xususiy oliy ta’lim muassasalari talabalari ham shartnoma asosida markazda harbiy tayyorgarlikdan o‘tishlari mumkin.
Nomzodlar uchun saralash jarayonlari 10–24-sentyabr kunlari o‘tkaziladi. Unda talabgorlar tibbiy ko‘rik, jismoniy tayyorgarlik va test sinovlaridan o‘tadilar.
Harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari 2-oktabrdan boshlanadi.
Eng muhim jihati, markazda harbiy tayyorgarlikni muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar belgilangan tartibda harbiy guvohnomaga ega bo‘ladilar.

