Hamkorlikka salohiyat bor…

Date:

Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy, transport-logistika va gumanitar aloqalarni mustahkamlash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida
o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish hamda barqaror taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratishda
O‘zbekiston muhim tashabbuslar bilan maydonga chiqmoqda. Bu borada Termiz shahri tobora xalqaro muloqot va hamkorlikning muhim markaziga aylanib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan “Tinchlik, o‘zaro bog‘liqlik va barqarorlik: umumiy farovonlik poydevorini shakllantirish” mavzusidagi Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi ishtirokchilari Surxondaryo viloyatida bo‘lib, hududda yaratilgan zamonaviy infratuzilma va xalqaro hamkorlik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Sayyor tadbirlar davomida mehmonlar, avvalo, “Termiz Kargo Markaz” xalqaro ko‘p tarmoqli transport-logistika xabida bo‘ldi. Uning Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasidagi qulay geografik joylashuvi, insonparvarlik yuklarini yetkazib berishdagi o‘rni hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimidagi ahamiyati alohida e’tibor qozondi. Bugungi kunda mazkur xab nafaqat Afg‘onistonga yordam yetkazib berish, balki mintaqaviy logistika zanjirlarining muhim bo‘g‘ini sifatida ham faoliyat yuritmoqda.
Tadbir ishtirokchilarida “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasi ham katta taassurot qoldirdi. Zamonaviy infratuzilma, qulay biznes muhiti, logistika markazlari, ishlab chiqarish korxonalari, tibbiyot va ta’lim muassasalari jamlangan ushbu majmua hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Savdo zonasida minglab ish o‘rinlari yaratilayotgani, eksport hajmining ortib borayotgani va qo‘shni mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalar kengayayotgani uning strategik ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Mehmonlar Termiz tumanidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida ham bo‘ldi. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu noyob maskan afg‘on yoshlarini zamonaviy kasb va mutaxassisliklarga o‘qitish orqali mintaqada barqarorlik va taraqqiyotga xizmat qilmoqda. Shu paytgacha yuzlab bitiruvchilar tayyorlangani, jumladan, ko‘plab xotin-qizlarning ta’lim olgani markaz faoliyatining amaliy samaralaridan dalolat beradi.
Xorijiy ekspertlar va mutaxassislar Termizning tarixan Sharq va G‘arbni bog‘lagan muhim nuqta bo‘lganini, bugun esa ushbu vazifani yangi mazmun bilan davom ettirayotganini alohida ta’kidladi. Ularning fikricha, shaharda yaratilgan zamonaviy transport, savdo va ta’lim infratuzilmasi Markaziy Osiyoni xalqaro iqtisodiy
makon bilan yanada yaqinlashtirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Tadbir yakunida mehmonlar Hakim at-Termiziy maqbarasi va Termiz Arxeologiya muzeyini ziyorat qilib, vohaning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishdi.
Termiz muloqoti doirasidagi sayyor tadbirlar Surxondaryoning xalqaro hamkorlik, savdologistika, ta’lim va gumanitar aloqalarni rivojlantirishdagi ulkan salohiyatini yana bir bor namoyon etdi. Bugun Termiz nafaqat O‘zbekistonning janubiy darvozasi, balki Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida ishonch, muloqot va umumiy farovonlikni mustahkamlovchi muhim ko‘prik sifatida yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilmoqda.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

O‘ziga ishonchi ortdi

Termiz shahridagi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida tarbiyalanayotgan...

Sifat ko‘rsatkichi muhim

Pedagogika yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar bilimini tashqi diagnostikadan o‘tkazish...

Yoshlar fikri islohotlar markazida

“Yuksalish” harakati va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar...

Kitob keldi ko‘z o‘ynatib, miya qaynatib…

Tirnoqlari hamisha kirlanib yuradigan odamni taniysizmi? Unga na issiq...
KunTun
KunTun