Yoshlar oyligi doirasida o‘tkazilayotgan turli ma’naviy-ma’rifiy, sport, ta’lim va vatanparvarlik tadbirlari yosh avlodning har tomonlama kamol topishiga xizmat qilmoqda. Yurtimizning ertangi kuni bo‘lgan yoshlarning bilimli, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk va yurtga sadoqatli insonlar bo‘lib voyaga yetishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Shu bois joylarda tashkil etilayotgan har bir uchrashuv, musobaqa, marafon va ta’limiy loyiha yoshlarning hayotiy maqsadlarini belgilash, salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda jamiyat hayotidagi faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sariosiyo tumanida “Biz yoshlar — jinoyatchilikka qarshimiz” shiori ostida yurish marafoni tashkil etildi. Tadbir yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, qonunlarga hurmat ruhini mustahkamlash hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishni maqsad qilgan.
Marafonda mutasaddi tashkilotlar vakillari hamda yoshlar ishtirok etib, tuman prokuraturasi binosidan “Yangi O‘zbekiston” istirohat bog‘igacha bo‘lgan masofani piyoda bosib o‘tdilar. Marafondan so‘ng istirohat bog‘ida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuv davomida yoshlarning fikr va takliflari tinglanib, ularni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Probatsiya va profilaktik hisobda turgan, shuningdek, mas’ul rahbarlarga biriktirilgan 27 nafar yoshga kitoblar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu esa yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash borasidagi amaliy e’tibor ifodasi bo‘ldi.
Termiz shahridagi Yoshlar markazida o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” yoshlar, nuroniylar va faxriylarni bir maydonda jamlagan muhim ma’naviy tadbir sifatida yodda qoldi. Unda O‘zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev ishtirok etib, mamlakatimizda yoshlarga va nuroniylarga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan imkoniyatlar hamda yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va yuksak maqsadlar sari intilish ruhida tarbiyalash masalalari haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, nuroniylar
va faxriylarning hayotiy tajribalaridan bahramand bo‘ldilar. Ayniqsa, keksa avlod vakillarining bosib o‘tgan hayot yo‘li va fidokorona mehnati haqidagi hikoyalar yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbirning ikkinchi qismi Termiz garnizonidagi harbiy qismda davom etdi. Yoshlar harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy texnikalar hamda “Bitta askar — bitta kasb” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Bu esa ularda harbiy xizmatning sharafli kasb ekanligi haqidagi tasavvurlarni yanada boyitdi.
Yoshlar oyligi doirasidagi yana bir muhim tashabbus “Yetakchi Camp” oromgohining besh mavsumida qatnashgan yoshlar yetakchilariga maxsus rivojlanish kartochkalarining topshirilgani bo‘ldi.
Mazkur kartochkalar yoshlarning ta’lim va o‘zini rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Ular orqali “Mutolaa”, “UzChess”, “Ustoz AI”, “Ibrat farzandlari” va “Qizlar akademiyasi” platformalaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Bu platformalar yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, shaxmat bo‘yicha mahoratini oshirish, xorijiy tillarni o‘rganish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda shaxsiy rivojlanish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bugungi yoshlarning yutuqlari va intilishlari ertangi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori hisoblanadi. Ana shunday ezgu ishlarda faol ishtirok etayotgan yoshlar esa mamlakatimizning eng katta boyligi, ishonchli tayanchi va kelajak bunyodkorlaridir.

