Ravshan Xudayqulov nomi maorif tizimida alohida hurmat bilan tilga olinadi. O‘zining tabarruk 90 yoshi ostonasida turgan bu nuroniy mo‘ysafidning hayot yo‘li zarhal bitiklarga munosibdir.Ilmli, talabchan muallim elning faxri, baxtli oilaning ustuni, shogirdlarining aziz ustozi sifatida qadrlanadi.
Muallimning hayotda o‘z o‘lchovi, haqiqatlari bor. U bu haqiqatni o‘zi uchun burch, mas’uliyat deb qabul qilgan. Oz so‘zlab, xo‘p tinglaydigan bu insonni komillikka yetaklagan umr yo‘liga havas qilsa arziydi. Ustoz xalq ta’limi sohasida uzluksiz 45 yil faoliyat yuritdi. 1972-yilda Qarshi davlat pedagogika oliygohini tugallagach, Qumqo‘rg‘ondagi 34-umumta’lim maktabiga yo‘llanma bilan ishga keldi. 15 yil shu dargohda faoliyat yuritdi.
Shundan keyin tumandagi 33-umumta’lim maktabiga direktor bo‘lib tayinlandi. U paytda maktab nochor binolarda joylashgan, 2 smenada faoliyat yuritardi. Yangi direktor yangi maktab qurish rejasini amalga oshirish uchun intildi va 2 yil oralig‘ida bunga erishdi.
Ustoz rahbarlik qilgan yillarda eng namunali va yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan dargoh sifatida tilga olina boshlandi. O‘quvchilari fan olimpialarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Maktab jamosiga eng iqtidorli, bilimli muallimlarni to‘pladi. Hayot yo‘lidagi bu zahmatlar samarasiz qolmadi. Ravshan hoji Xudayqulov shu maktabda 30 yil uzluksiz rahbarlik qilib, o‘zidan yaxshi nom qoldirdi, hanuzgacha ustozni yo‘qlab keladiganlar, duosini oladiganlar ko‘p.
Ko‘ksini xalq ta’limi a’lochisi, “Mehnat faxriysi” nishonlari bezab turgan qahramonimiz Mustaqilligimizning 1, 5, 10, 15, 20, 25 yillik ko‘krak nishonlariga munosib ko‘rildi. Ustoz bilan har gal uchrashganimizda u kishining qo‘llarida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Xotira uyg‘onsa go‘zal” kitobini ko‘raman. U kishi bu kitobdagi hikmatlarni qayta-qayta varaqlaganda ko‘zlari yoshlanadi. Quyidagi qaydlar xayolidan o‘tadi: “O‘g‘il-qiz tarbiyalaydigan odam, avvalo, o‘zi tarbiyalangan bo‘lmog‘i kerak”.
Muallim ana shu hayot haqiqatiga doimo amal qilib keladi. Oilasida o‘z so‘zi, o‘z tartibi va o‘rniga ega. Turmush o‘rtog‘i G‘ozna momo bilan to‘rt o‘g‘il va to‘rt qizni odobli, o‘qimishli qilib tarbiyaladi. Barchasi oliy ma’lumotli, el yurt xizmatida. To‘ng‘ich farzandi Kumush shifokor, Qunduz, Hayot va Yulduzlar ota izidan borib muallimlik kasbini tanladi. O‘g‘illari Shahrizod hisobchi, Nizomiddin ichki ishlar sohasida xizmat qildi, iste’fodagi mayor. Nafaqaga chiqqach, uzluksiz 12 yil tumandagi eng yirik “Oqsoy” mahallasiga raislik qildi. Azamat va Chorilar suv xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassis.
O‘tgan yillar, saboqlar, xulosalar umr daftarida yorqin bitiklarga munosib bo‘ldi. Bugun ustoz boshlagan ezgu ishlar shogirdlari, farzandlari tomonidan bardavom. Biz nuroniy muallimning suvrat va siyratiga tiniq chizgilarni ana shu nuqtada anglagandek bo‘lamiz.
Sukutdagi hikmat, hayotdagi ibrat
Date:

