Teatr tekin bo‘ldi

Date:

Ijtimoiy tarmoqlarda Muqimiy nomidagi davlat teatri eshigi oldidagi gavjumlik, tartibsiz harakat hamda teatrga bo‘lgan qiziqish aks etgan video tarqaldi-yu, har kim o‘z saviyasini, o‘z fikrini namoyon etishi uchun maydon topildi. Kimdir izohlarda: “Tekin deb eshitgani uchun ham teatrni eshigini buzib yuborgudek bo‘lishyapti-da…” debdi. Lekin san’atsevar o‘zbekning navbatlarda gavjum bo‘lib teatr va kino tomoshalariga oshiqib borgan kunlari hali ham yodimizda. Demak, san’atga bo‘lgan muhabbatimiz yo‘qolmagan — u yuraklarimizda hamon yashirin olovdek yonib turibdi. Bu bo‘shliqni, istaysizmi-yo‘qmi, internet orqali tomosha qilingan filmlar to‘ldira olmaydi. Jonli ijroning nafasi, sahnadagi tuyg‘ularning bevosita ta’siri har qanday ekran ortidagi tasvirdan ustun.
Shu o‘ylar bilan yakshanba kungi seansni atay tanlab, yo‘lga chiqdim. Axir dam olish kuni — ota-onalar farzandlari bilan birga bo‘lishi, ularning ma’naviy olamini boyitishi uchun ayni fursat.
Yurtimizda teatr san’atiga bo‘lgan e’tibor yildan-yilga ortib borayotgani quvonarli. Bu e’tibor jamiyat ma’naviy hayotida teatrning o‘rni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilgan an’anaviy “Teatr tomoshalari haftaligi” esa bu jarayonning yorqin ifodasidir.
Surxondaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatri jamoasi yakshanba kungi dasturda Z. Mamatova insenirovkasi asosida, sahnalashtiruvchi rejissyor Z. Karimova tomonidan sahnaga olib chiqilgan “Bo‘g‘irsoq” spektaklini namoyish etishni rejalashtirgan ekan.

Bolalar psixikasiga ta’sir


Bugungi kunda qo‘g‘irchoq teatri shunchaki ko‘ngilochar vosita emas, balki bolalar tarbiyasida muhim pedagogik va psixologik ahamiyat kasb etayotgan san’at turidir. Ayniqsa, haftalik doirasida namoyish etilgan bolalar spektakllari kichkintoylarning qalbiga yo‘l topa olishi bilan ahamiyatlidir.
“Bo‘g‘irsoq” spektakli ham yangicha talqinda sahnalashtirilgan. Quvnoq kuylar va jo‘shqin harakatlar bilan boyitilgan asarda bu safar Bo‘g‘irsoq tulkiga yem bo‘lmaydi. Aksincha, uning zakiyligi ayyor tulkini ham lol qoldiradi. Asar yakunida esa qahramon uyiga qaytadi — bu esa bolalar uchun umid va yaxshilik ramzi sifatida talqin etiladi.
Mutaxassislar fikricha, qo‘g‘irchoq teatri bolalarning tasavvur olamini kengaytiradi, ijodiy fikrlashini rivojlantiradi. Sahnadagi jonlantirilgan obrazlar orqali ular hayotiy vaziyatlarni osonroq anglaydi, yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi farqni his eta boshlaydi. Bu esa ularning shaxs sifatida shakllanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
— Farzandim bilan qo‘g‘irchoq teatriga bordik. U juda xursand bo‘ldi, — deydi Nozima Rayimova. — Eng muhimi, spektakldan keyin u qahramonlar haqida mustaqil fikr bildira boshladi. Bu esa teatrning chinakam tarbiyaviy kuchini ko‘rsatadi.
Qo‘g‘irchoq teatri bolalarda empatiya — boshqalarning his-tuyg‘ularini anglash qobiliyatini shakllantiradi. Ijobiy qahramonning quvonchi yoki salbiy obrazning jazolanishi orqali bolalarda adolat tuyg‘usi mustahkamlanadi. Natijada ular o‘z xatti-harakatlariga ongli baho berishni o‘rganadi.
Interfaol tarzda tashkil etilgan sahna asarlari esa bolalarni tomoshabin emas, balki voqealarning faol ishtirokchisiga aylantiradi. Bu esa ularning nutqini rivojlantiradi, muloqotga kirishish qobiliyatini oshiradi va ijtimoiy moslashuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ayniqsa, ruhiy jihatdan nozik bolalar uchun qo‘g‘irchoq teatri muhim ahamiyatga ega. Ular qo‘g‘irchoqlar orqali o‘z ichki kechinmalarini ifoda etadi, yashirin his-tuyg‘ularini tashqariga chiqaradi. Bu esa qo‘rquv, tortinchoqlik va xavotirni kamaytirishga xizmat qiladi.
Shu jihatdan qaraganda, qo‘g‘irchoq teatri nafaqat sahna san’ati, balki bolalar ruhiyatini sog‘lom shakllantiruvchi tarbiya maktabidir.
Biroq, afsuski, tomoshabinlar soni kutilgan darajada emas edi. Zalning atigi bir qismi to‘lgani biroz o‘yga toldirdi. Shunday bo‘lsa-da, bolalar bilan o‘tkazilgan muloqot unutilmas taassurot qoldirdi. Bu haqida namoyishdan so‘ng menga hamrohlik qilgan farzandlarim ham ta’kidlashdi. Biroq…
— Aldagani uchun tulki jazolandi. Demak, yolg‘on gapirmaslik kerak…
— Bo‘g‘irsoq ham yolg‘on gapirdi-ku! Bu qisqa, ammo o‘rinli e’tirozdan so‘ng jim qoldim. U xatosini anglab yetganligini tushuntirdim. Keyingi sahna namoyishiga ham borishni rejalashtirdik.
Haftalik doirasida qo‘g‘irchoq teatrida qiziqarli va tarbiyaviy ahamiyatga ega spektakllar namoyish etildi. X.Andersen asari asosida bosh rejissyor Bunyod Imomov tomonidan sahnalashtirilgan “Nonni bosgan qizaloq” sahna asari ham kichik yoshdagi tomoshabinlar qalbidan joy oldi.

Haftalik davomida gastrol


Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri ijodiy jamoasi ushbu haftalikda alohida faollik ko‘rsatdi. Ijodkorlar Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahriga gastrol safari uyushtirib, A.Loxutiy nomidagi davlat akademik drama teatrida “Andishali kelinchak” spektaklini namoyish etdi. Ushbu sahna asari qardosh tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olinib, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamladi.
Haftalik davomida sahnalashtirilgan spektakllar insoniy tuyg‘ular, muhabbat va sadoqat kabi yuksak fazilatlarni tarannum etib, tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi. Shuningdek, Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri rejissyori Farxod Boltayev, rassom Xayrulla Chorshanbiyevlar tomonidan sahnalashtirilgan Sh. Pardayevning “Imom Termiziy” spektakli orqali tarixiy merosimiz va buyuk allomalarimiz hayoti keng jamoatchilikka yetkazildi.
Teatr — bu nafaqat tomosha, balki inson ruhiyatiga chuqur ta’sir etuvchi san’atdir. Sahnadagi har bir voqea tomoshabinni o‘ylashga, his qilishga undaydi. Jonli ijro esa inson qalbida o‘chmas taassurot qoldiradi.
Teatrlashtirilgan tomoshalar insonning emotsional holatini barqarorlashtiradi, stressni kamaytiradi va ijobiy kayfiyatni shakllantiradi. Shu bilan birga, spektakllarda aks ettirilgan hayotiy voqealar orqali tomoshabin o‘z hayotiga ham nazar tashlaydi, xulosa chiqaradi.
Teatr yosh avlod tarbiyasida ham muhim o‘rin tutadi.
U orqali milliy qadriyatlar, urf-odatlar, tarixiy meros va insoniy fazilatlar targ‘ib etiladi. Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida teatr ma’naviy immunitetni mustahkamlovchi muhim vosita hisoblanadi.
— “Imom Termiziy” spektaklini ko‘rib, tariximizga bo‘lgan qiziqishim yanada ortdi, — deydi universitet talabasi Javohir Botirov. — Rostini aytsam, majburiy tarzda bu kabi spektakllarga olib kelinmasa, o‘z xohishi bilan keladiganlar kam. Ammo bunday spektakllar yoshlar uchun juda kerak, chunki ular orqali biz o‘z ildizlarimizni chuqurroq anglaymiz. Teatrlarimiz muntazam ishlasa, talabalar uchun chegirmalar bo‘lsa, yoshlarning ma’naviyati yuksaladi, madaniyati oshadi.
“Teatr tomoshalari haftaligi” nafaqat madaniy tadbir, balki jamiyat ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutuvchi yirik loyiha sifatida yana bir bor o‘z ahamiyatini namoyon etdi. Ushbu haftalik davomida sahnalashtirilgan spektakllar, ijodiy uchrashuvlar va konsert dasturlari tomoshabinlar qalbida unutilmas taassurot qoldirdi.
Shubhasiz, teatr — inson qalbini tarbiyalaydigan, uni ezgulikka chorlaydigan beqiyos san’at maskanidir. Uni rivojlantirish va keng targ‘ib etish esa har birimizning muhim vazifamiz bo‘lib qoladi.
Haftalik doirasida sahnalashtirilgan spektakllar mazmunan rang-barangligi, badiiy yetukligi va tarbiyaviy ahamiyati bilan ajralib turdi. Xususan, rejissyor Farxod Boltayev, rassom Xayrulla Chorshan-biyevlar tomonidan sahnalash-tirilgan Xoliq Xursan-dovning “Muhabbatim — qismatim mening” spektakli insoniy tuyg‘ular, muhabbat va sadoqat kabi yuksak fazilatlarni targ‘ib etib, tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi. Ushbu spektakl nafaqat yurtimizda, balki xorijiy sahnalarda ham muvaffaqiyat qozonganligi bilan e’tiborga loyiqdir.
— “Muhabbatim — qismatim mening” asarini film tarzida ko‘rganimda asosiy qahramondan ko‘nglim qolgan edi, — deydi Shahodat Normo‘minova. — Ammo spektakldan so‘ng asosiy qahramonga achinish, uni tushunishga urinishni his qildim. Ehtimol, yoshim o‘tib boshlagan yoki rejissyorlar qahramonning ichki dunyosini teranroq namoyish eta olgandir.

Bayram bahona


Xalqaro teatr kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirlari esa haftalikning eng yorqin lahzalaridan biri bo‘ldi. “Qo‘g‘irchoqlarning sehrli olamida” nomli musiqiy dastur tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Shu bilan birga, uzoq yillar davomida fidokorona mehnat qilib kelayotgan teatr xodimlarining munosib taqdirlanishi san’at ahliga bo‘lgan yuksak e’tibor ifodasidir.
Teatr, shuningdek, ijtimoiy muammolarni yoritishda ham muhim rol o‘ynaydi. Sahna orqali ko‘tarilgan dolzarb masalalar tomoshabinlarda befarqlikni yo‘qotib, ularni faol fuqarolik pozitsiyasiga chorlaydi. Shu bois bunday tadbirlarni muntazam o‘tkazish, teatrga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish va uni keng targ‘ib etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Teatrlarimiz gavjum bo‘lishi qanchalik ahamiyatsiz bo‘lsa, unga talpinuvchi kishining madaniyati shunchalik dolzarb. Ichki istak muhim! Jonli ijro, og‘riqlarga hamdardlik, tabassumlarga sheriklik istagi bo‘lsa, teatrlarga qaytmog‘imiz lozim. Hechqursa, tekin paytida…

Xurshid KARSHIYEV

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Arxeologiyada yangi yondashuv

Termiz davlat universitetida 23-martdan boshlangan “Ipak yo‘li arxeologiyasi, fan...

Bolalar uchun zamonaviy muhit

Muzrabot tumani Mehrigiyoh mahallasida 120 o‘rinli yangi davlat maktabgacha...

Shon va g‘urur namoyishi

Termiz shahrida Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan...

“Obshir”da suv muammosi hal

Oltinsoy tumanining “Obshir” mahallasida suv ta’minotini yaxshilash va foydalanilmay...
KunTun
KunTun