Ob-havoning injiqliklari, yog‘ingarchilik va salqin havoga qaramay, bugun shahrimizdagi Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan maydonda adabiyot va she’riyat ixlosmandlari bir nuqtada jam bo‘ldi. Buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu tadbir ma’naviyat va ehtirom ruhiga yo‘g‘rilgan holda boshlandi.

Tantanali marosimda viloyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol ishtirok etib kelayotgan rahbar va mutasaddilar, jamoat tashkilotlari vakillari, ziyolilar hamda keng jamoatchilik qatnashdi. Tadbirning kirish qismida Termiz davlat universiteti rektori A. Toshqulov so‘zga chiqib, Alisher Navoiyning milliy tafakkurimiz, adabiyotimiz va ma’naviy hayotimizdagi beqiyos o‘rni haqida chuqur va ta’sirchan fikrlar bildirdi. Uning nutqi yig‘ilganlarning barchasi e’tiborini tortib, marosimga alohida ruh bag‘ishladi.
Shundan so‘ng, viloyat Yozuvchilar uyushmasi raisi Mengnor Ollomurod so‘zga chiqib, Alisher Navoiy siymosi, uning o‘lmas merosi haqida to‘xtaldi. Shoir tomonidan Navoiyga bag‘ishlab o‘qilgan g‘azal esa yoshu keksani birday ta’sirlantirib, qalblarda chuqur hayajon uyg‘otdi.

Tadbirning eng esda qolarli lahzalaridan biri Mannon Uyg‘ur nomidagi viloyat musiqali drama teatri aktyori tomonidan Alisher Navoiy siymosining gavdalantirilishi bo‘ldi. Aktyorning buyuk mutafakkir nomidan aytgan hikmatli so‘zlari, teran ma’noli fikrlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Marosim davomida buyuk ajdodimiz xotirasiga hurmat bajo keltirilib, haykal poyiga tantanali ravishda gulchambarlar qo‘yildi. Shundan so‘ng, viloyat musiqali drama teatri jamoasi tomonidan Muhtasham san’at saroyida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Alisher Navoiy” dramasi namoyish etilishi ham tadbir dasturidan o‘rin oldi.
Bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur anglash, yosh avlod qalbida milliy qadriyatlarga hurmat va adabiyotga muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Alisher Navoiy siymosi va merosi esa har doim xalqimiz uchun ma’naviy qudrat manbai bo‘lib qolaveradi.

