Viloyatda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, uning ta’lim olishi, munosib yashashi va samarali mehnat qilishi uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovning Termiz shahridagi ijtimoiy soha obyektlarini o‘rganishi ana shu ezgu maqsadlar yo‘lidagi ishlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
O‘rganish davomida Termiz shahrida barpo etilayotgan O‘zbekiston–Yaponiya texnologiyalar universiteti, xalqaro maktab va texnikum qurilishlari ko‘zdan kechirildi. Ushbu ta’lim muassasalari yosh avlodga zamonaviy bilim berish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va yoshlarning kelajagini mustahkamlashga xizmat qilishiga shubha yo‘q. Qurilish jarayonlari bo‘yicha sifat va muddat masalalariga alohida e’tibor qaratilib, mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, Muzrabot tumanining “Yangidiyor” mahallasini Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahallaga aylantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalar taqdim etildi. Ushbu tashabbus mahallalarda yashash sharoitini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish, aholining ijtimoiy faolligini oshirish orqali inson qadrini yuksaltirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Viloyat rahbari prokuratura organlari xodimlari uchun ajratilgan xizmat uylaridagi sharoitlarni ham o‘rganib, infratuzilma holati bilan tanishdi. Xodimlar va aholi bilan bo‘lib o‘tgan suhbatlar jarayonida uy-joy sharoitlarini yanada yaxshilash, hududni obodonlashtirish va ta’mirlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi. Bu esa xizmat burchini ado etayotgan mutaxassislarning ijtimoiy himoyasi va mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Tashrifning yana bir muhim jihati shundaki, zamonaviy maxsus texnikalarning foydalanishga topshirilishi bo‘ldi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Surxondaryo filialiga 30 ta elektr yuk mashinasi, viloyat Avtomobil yo‘llari boshqarmasiga esa o‘nga yaqin maxsus texnika tantanali ravishda topshirildi. Ushbu texnikalar soha xodimlarining ishini yengillashtirish, tezkorlik va samaradorlikni oshirish, energiya tejamkor va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish orqali aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Ushbu ishlar va amalga oshirilayotgan loyihalar “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlarning hayotiy ifodasi bo‘lib, viloyatimizda barqaror rivojlanish, qulay yashash muhiti va samarali mehnat sharoitlarini yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
TEZKOR, TEJAMKOR, EKOLOGIK TOZA…
Date:

