(Termiz sayyohlar nigohida)
Ma’lumki, oxirgi yillarda yurtimizda ajdodlarimiz merosiga bo‘lgan e’tibor odatiy so‘zlardan ilmiy asoslarga ko‘chdi. Natijada Termizda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kabi ham ilmiy salohiyat jihatidan, ham bino jihatdan muhtasham bir maskan vujudga keldi. Markaz bugungi kunda o‘z faoliyatini nafaqat yurtimiz, balki xalqaro miqyosda ham keng ko‘lamda olib bormoqda. Tariximiz va qadriyatlarimizga bo‘lgan bu ilmiy yondashuv natijasida esa Surxondaryoga sayyohlar oqimi va munosabati tubdan o‘zgarayotganini qayd etish lozim. Zero, qisqa faoliyati davomida Imom Termiziy markazi ushbu sayyohlarning ilmiy-amaliy ko‘mak oladigan asosiy nuqtalaridan biriga aylanib ulgurdi.
Yaqinda quvaytlik tadqiqotchi olim Nodir Vasiyr Quvaytning “Al-Bayon” jurnalining 2025-yil dekabr sonida Termiz haqidagi “Termizga yo‘l…” maqolasini e’lon qildi. U “Bilad Mavrounnahr. Minal fathil islamiy ila ixtilal ar-rusiy” (Movarounnahr o‘lkasi. Islom davridan boshlab, rus bosqiniga qadar) nomli arab tilidagi yirik hajmli kitob muallifi bo‘lib, ushbu kitobi 2023-yilda nashr etilgan va 676 betni tashkil etadi.
Gap shundaki, muallif 2025-yil bahorida Termizga tashrif buyurgan va bu yer bilan tanishib, o‘zining taassurotlarini maqola qilgan. Quyida o‘quvchilarni arab tilida bitilgan maqolaning qisqacha mazmuni bilan tanishtirib o‘tamiz.
Muallif o‘z so‘zini Termizning qadimiy shahar ekanligi bilan boshlaydi va uning 2500 yillik tarixga ega ekanligini ta’kidlaydi. Muallif o‘z so‘zida davom etib deydiki, Termiz – Amudaryo bo‘yidagi strategik nuqta hisoblanadi. Unga hijriy birinchi, milodiy VII asr oxirida islom kirib keldi va undan chiqqan olimlar Termizning shuhratini butun islom olamiga yoyishgan. Tarixiy manbalarda ham Termiz ko‘chalari, bozorlari va masjidlari obod bo‘lib, sovun, yelim, qayiq va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilgan.
617/1220-yilda mo‘g‘ullar shaharga ulkan bosqin uyushtirib, vayronkorlik olib kelishgan bo‘lsa ham, 736/1336-yili Termizga kelgan sayyoh va olim Ibn Battuta uning obod va ko‘rkamligini qayd etgan. Uning aytishicha, bu yerda bog‘-u rog‘lar mo‘l-ko‘l, behisi esa eng yuksak darajada shirin, go‘sht va sut ko‘p. U o‘zi guvoh bo‘lgan shahar Amudaryodan uch kilometrcha uzoqda bo‘lganini yozgan. YA’ni ma’lumki, eski shahar Amudaryo qirg‘oqlarida bo‘lgan. Demak, Termiz aholisi bosqindan so‘ng tez orada o‘z diyorlarini qaytadan qurib, obod maskanga aylantirib olishgan.
Nodir Vasiyrning aytishicha, oxirgi yillarda O‘zbekiston turizm sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda va bu borada ulkan ishlarni amalga oshirmoqda. Ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonning bu boradagi imkoniyati Markaziy Osiyo shaharlari orasida yuksak o‘rinda turadi. Chunki bu yerda Samarqand, Buxoro, Xorazm va boshqa ilm-u ma’rifat o‘choqlari joylashgan. Bu joylarda qadimiy masjid-u madrasalar, tarixiy qal’alar va devorlar va boshqa osoru atiqalar ko‘p. Bu masalalarga ilmiy yondashuvni yo‘lga qo‘yish uchun esa O‘zbekiston hukumati bir qator ilmiy markazlarni tashkil etdi. Ulardan eng muhimlaridan biri esa Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazidir.
Muallif deydi: “O‘zbekistonga ko‘p bora kelganman, uning tarixiy ahamiyat yuksak ekanligi menga ma’lum bo‘lsa-da, ammo Termizga kelishga muvaffaq bo‘lmagan edim. Bu ko‘hna shaharni ziyorat qilishni esa uzoq vaqtdan beri juda xohlardim. Oltinchi bor kelishimda esa, boradigan joylarimning eng avvalgi manzili sifatidaTermizni belgiladim va bu yerda bir necha kunlar bo‘lib, ushbu sehrli shaharning islomiy osor-u atiqalari bilan tanishishni maqsad qildim”.
Shundan so‘ng, muallif taassurotlarini bayon etar ekan, Toshkentdan Termizga uchib kelish jarayonida qorlar bilan qoplangan tog‘ va cho‘qqilar va shu kabi tabiat manzaralari undan katta taassurot qoldirganini aytadi. Unga ko‘ra, bahorning o‘rtalaridagi Termiz dalayu bog‘lar bilan o‘ralgan bo‘lib, ajib go‘zallik ichradir. “Bizni aeroportda Imom Termiziy markazining ikki xodimi kutib oldi va shahar haqidagi ma’lumotlar olishimizni nihoyatda yengillatdi” deydi muallif.
“Mezbonlar bizni Jome’ masjidi to‘g‘risidagi shahardagi eng yaxshi ovqatlanish maskanlaridan biriga olib borishdi. U yerda juda mazali tushlik qilgach, Imom Termiziy markaziga kirdik va u yerda olib borilayotgan tadqiqotlar bilan tanishdik, qadim arabiy va forsiy kitoblar tarjimalari amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘ldik. Markaz xodimlarining xabar berishicha, ular Termizdan yetishib chiqqan olim va tarixiy shaxslar borasida juda chuqur ilmiy izlanishlar olib borishayotgan ekan. Ma’lum bo‘lishicha, ular 212 nafar Termiziy alloma haqida ma’lumot to‘plashgan ekan. Shaharga qilgan tashrifim qisqa bo‘lsa-da, Imom Termiziy markazi xodimlari mening bu sayohatimni juda mazmunli o‘tkazishimga va bu yer haqida eng muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishimga yordam berishdi. Qolaversa, ular tarix va arab tilini juda yaxshi bilishar ekan va biz ular bilan Termizning diqqatga sazovor joylarini aylandik”.
Muallif shundan so‘ng, qaysi ziyoratgohlarda bo‘lganiga ham to‘xtalib o‘tgan. Birinchi kun dastlab tasavvuf ilmining ulug‘ qutbi bo‘lgan Hakim Termiziy ziyoratgohiga borilganini qayd etadi. Uning qurilish tarixi bir necha bosqichlarda kechgan. Jumladan, o‘n beshinchi asrda u hozirgi ko‘rinisha yaqinlashgan. Qabr ustiga arabiy naqshlar bilan bezatilgan go‘zal oq marmartosh qo‘yilgan. So‘ng shahardan bir soatlik masofada Imom Termiziy qabrini ziyorat qilganini aytadi va bu olimning Termiziy olimlar orasida alohida o‘rin tutishini ta’kidlaydi.
Ikkinchi kuni muallif Jarqo‘rg‘onning Minor qishlog‘idagi Jarqo‘rg‘on minorasiga borganini yozadi. U shahardan qirq kilometrcha uzoqlikda. U Termiz obidalarining dur-u gavharidir. Zero, u asrlar o‘tsa-da, o‘z holicha saqlanib turibdi. Minora 503/1109-yilda Muhammad ibn Ali Saraxsiy tomonidan qurilgan va bu minoraning o‘zida qayd etilgan. U go‘zal ko‘fiy naqshlar bilan bezatilgan. Minora balandligi 21 metrga yetadi. Uning ustiga chiqib, atrofdagi ekinzorlar hamda tarixiy va zamonaviy binolarga boqish maroqlidir. Minoraning yonboshida masjid tarixiy masjid bo‘lgan, ammo bugungi kunda undan hech narsa qolmagan.
Uchinchi kuni esa muallif shahar ko‘chalarida aylanganini yozadi. Shunda u Termiz arxeologik muzeyiga duch kelgan va unga kirgach, Termizning nafaqat islom, balki islomdan oldingi qadim madaniyatiga oid ko‘plab osor-u atiqalar borligiga guvoh bo‘lganini to‘lqinlanib so‘zlaydi. Zero, bu shaharning qadimdan tarixdagi yuksak o‘rni bo‘lganini namoyon etishini ta’kidlaydi.
Muallif so‘zining oxirida xulosa sifatida shunday deydi: “Men Termizga sayohatim davomida esdaliklarimni doimo yozib, olib yurdim va ular ushbu maqolaga asos bo‘ldi. Shahar esa men o‘ylaganimdan ham ko‘ra chiroyliroq va hayratomuz ekan. Shahar bilan tanishish jarayonimda ko‘plab ibratlar va saboqlar oldim. Masalan, bildimki, tadqiqotchi o‘zi tarixi va madaniyati haqida yozmoqchi bo‘lgan joylariga borib, ularni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi kerak ekan. Chunki shunda tarixchilarning qalamlari tasvirlashga ojiz bo‘lgan narsalarga o‘z zavqi bilan guvoh bo‘ladi. Zero, eshitish va ko‘rish hech qachon teng bo‘lmaydi. Qolaversa, qadimgi shaharlarning o‘z viqori va haybati bo‘ladiki, unga keluvchilarga bu alohida ta’sirini o‘tkazadi, agarki oradan qancha asrlar va voqea-hodisalar kechgan bo‘lsa ham!”
Xulosa qilish mumkinki, qadriyatlarimizni ilmiy asosda o‘rganish – tarix va bugunimizni bog‘lovchi muhim omildir. Bu esa o‘zligimizni anglash sari tashlanadigan dadil qadamlarimiz ifodasidir.
Jo‘rabek Cho‘tmatov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi (PhD)

