Surxondaryo viloyatida 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi munosabati bilan bayram tadbirlari yuksak ruh va katta ko‘tarinkilik bilan o‘tkazildi.

Bayram dasturi Termiz shahridagi Xotira maydonida boshlandi. Unda viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ofitser va serjantlar, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Harbiy orkestr sadolari ostida “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib, Vatanimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasi chuqur hurmat bilan yod etildi.

Shundan so‘ng, Termiz shahridagi “San’at saroyi” majmuasida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi, Harbiy-ma’muriy sektor rahbari Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, yig‘ilganlarni Qurolli Kuchlarimizning 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabrikladi. O‘z nutqida yurtimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida harbiy xizmatchilarimizning fidokorona xizmatlari alohida e’tirof etildi.
Tantanali tadbir davomida Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda namunali xizmat qilayotgan bir guruh xodimlar viloyat hokimining faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimiga Milliy gvardiya qo‘mondonining “Namunali xizmatlari uchun” I darajali ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Bayram tadbirlari yakunida Qurolli Kuchlar orkestr va ansambllari, shuningdek, viloyat Madaniyat boshqarmasi san’atkorlari ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi. Jo‘shqin kuy-qo‘shiqlar va badiiy chiqishlar yurtimiz posbonlariga bayramona kayfiyat ulashib, tadbir ishtirokchilarida faxr va g‘urur tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mazkur tantanalar Vatan himoyachilariga bo‘lgan yuksak e’tibor va hurmatning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

