Aholini arzon va sifatli uy-joy bilan ta’minlash maqsadida yurtimizning barcha hududlarida to‘liq infratuzilmaga ega “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etilayotganidan xabaringiz bor. Bunday massivlar turarjoy, maktab va bog‘cha, tibbiyot maskanlari-yu boshqa xizmat ko‘rsatish nuqtalarini o‘z ichiga olgani bilan ahamiyatli. Massivlarning yana bir jihati shundaki, aholi bandligini ta’minlash masalasi ham shu joyning o‘zida hal etilgan.
Boysun, Sariosiyo, Jarqo‘rg‘on, Angor hamda Termiz tumanlarida foydalanishga topshirilgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida aholi uchun qulaylik va zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Termiz tumanining “Yangiobod” mahallasida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massividagi qurilish loyihalari bilan jamoatchilikni yaqindan tanishtirish maqsadida viloyat hokimligi axborot xizmati tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi. Press-tur davomida ishtirokchilarga
6 280 xonadondan iborat
74 ta ko‘p qavatli uy, 2 640 o‘rinli ikkita maktab, 420 o‘rinli ikkita maktabgacha ta’lim tashkiloti, 200 qatnovga mo‘ljallangan oilaviy poliklinika hamda mahalla markazini o‘z ichiga olgan bosh reja loyihasi, shuningdek, hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi loyihalar batafsil tanishtirildi.
— Termiz tumanida qisqa muddat ichida mana shunday osmono‘par binolar, o‘quv dargohlari, yashil maydon uzra amfitear-u ma’rifat maskanlari qurilishini xayolimga ham keltirmagan edim, — deydi “Ayol va zamon” gazetasi bosh muharriri Komila Yusupova. — Bugun obod va ko‘rkam massiv qad rostlayotganining guvohi bo‘lib, odamlar uchun yaratilayotgan qulayliklardan quvonyapman. Shu kunlarga yetkazganiga shukr.
Massiv bo‘ylab kezar ekansiz, o‘zingizni ulkan qurilish maydoniga tushib qolgandek his etasiz. Ob-havo sharoitiga qaramay, qurilish, ta’mirlash ishlari qizg‘in ketayotgani, aholi uchun munosib sharoit yaratilayotgani inson qadri nechog‘lik ulug‘ligini yana bir karra isbotlagandek bo‘ladi. Press-tur davomida massiv maketi bilan ham yaqindan tanishdik. Massiv turizm rivoj topgan, sayohat qilish uchun xos va mos joyga aylanishi aniq.
— “Yangi O‘zbekiston” massividagi qurilishlar yakuniga yetmay turib, bu yerda allaqachon ko‘p qavatli turarjoylarda aholi istiqomat qilayotgan ekan, — deydi Termiz davlat universiteti o‘qituvchisi, bloger Abror Qurbonmuratov. — Ular uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgani, ayniqsa, ushbu uy-joylar quruvchi tomonidan arzon va boshlang‘ich to‘lovisiz sotilayotgani, to‘g‘risi, meni ham qiziqtirib qo‘ydi. Mana shunday shinam xonadonlardan birida yashash chin ma’noda inson uchun baxt va xotirjamlik hissini berishi aniq. Bugungi press-tur foydali va taassurotlarga boy bo‘ldi.
Yana bir jihat, yaqindagina xizmat safari bilan Xitoyda bo‘lib kelgan viloyatimiz delegatsiyasi tarkibida viloyatning ishbilarmon va tadbirkorlari ham bor edi. Ular o‘rganib kelgan boy tajriba ushbu massivlarda bo‘y ko‘rsatishi reja qilingan. “Yangi O‘zbekiston” massivlarida istiqbolli turizm loyihalari, sanoat va iqtisodiy loyihalar amalga oshiriladiki, bu hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantiribgina qolmasdan, aholi bandligini ta’minlashga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi.
Tadbir yakunida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar bilan uchrashuv o‘tkazib, vohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, yangi rejalar xususida fikr almashdi.
Termiz tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivi misolida bugun Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari o‘z samarasini yaqqol namoyon etmoqda. Kecha e’tibordan chetda qolgan hududlarning qisqa fursatda zamonaviy, qulay va yashash uchun barcha sharoitlari yaratilgan maskanga aylangani davlat siyosatining inson manfaatiga qaratilganini tasdiqlaydi. Uy-joy, ta’lim, tibbiyot, xizmat ko‘rsatish va bandlik masalalarining bir hududda uyg‘un hal etilishi aholining turmush sifatini tubdan yaxshilashga xizmat qilmoqda. Press-tur davomida jurnalist va blogerlarning bildirgan fikrlari ham “Yangi O‘zbekiston” massivlari nafaqat bugungi avlod, balki kelajak uchun barqaror, jozibador va taraqqiyotga yo‘naltirilgan muhit yaratib berayotganini yaqqol ko‘rsatdi. Bu maskanlar Yangi O‘zbekistonning amaliy qiyofasi, inson qadri ulug‘langan jamiyatning yorqin timsolidir.
S.ALLAYEVA

