14-noyabr kuni O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyatining tashkil topganiga 100 yil to‘ldi. Jamiyat bugun Xalqaro Qizil xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlari federatsiyasining to‘laqonli a’zosi sifatida insonparvarlik, beg‘arazlik, betaraflik, xolislik, mustaqillik, ixtiyoriylik va yagonalik tamoyillari asosida faoliyat yuritib kelayotgan yirik nodavlat notijorat tashkilotdir.
Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy harakatiga 1863-yilda Shveysariyada asos solingan. Harakatning shakllanishi shveysariyalik Anri Dyunanning Solferino jangida ko‘rgan fojiali manzaralardan ilhomlangan. Jang maydonidagi minglab yaradorlarning yordamga muhtojligi uni ayovsiz urushlarni yumshatish, har ikki tomon yaradorlariga gumanitar yordam ko‘rsatish g‘oyasini ilgari surishga undadi.
Dyunanning “Solfirino xotiralari” kitobi asosida 1863-yildayoq “Yaradorlarga yordam ko‘rsatish qo‘mitasi” tashkil etildi va oq fondagi qizil xoch belgisi xalqaro ramz sifatida tan olindi. 1876-yilda Turkiya tashabbusi bilan “Qizil Yarim Oy” belgisi ham rasman qo‘llanila boshlandi. Bugungi kunda ushbu harakatga dunyoning 193 ta
davlati a’zo bo‘lib, Anri Dyunan 1901-yilda tinchlik bo‘yicha ilk Nobel mukofoti sohibiga aylangan.
O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati 1925-yil 14-noyabr-da tashkil topgan bo‘lib, dastlab, davlat tizimlarida faoliyat yuritgan. 1992-yilda Prezident farmoni bilan mustaqil nodavlat notijorat tashkiloti sifatida qayta tashkil qilindi. Keyinchalik jamiyatning tashkiliy-huquqiy bazasi mustahkamlanib, 1995-yilda O‘zbekiston Federatsiyaning 165-a’zosi sifatida qabul qilindi.
Bugun jamiyat tinchlik davrida aholi salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, favqulodda vaziyatlarda ko‘mak berish, ijtimoiy yordamlar ko‘rsatish bo‘yicha respublika miqyosida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda.
O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyatining barcha hududiy bo‘linmalari qatori-da Surxondaryo viloyat bo‘linmasi ham keng ko‘lamli vazifalarni bajaradi:
- Favqulodda vaziyat-larda yordam ko‘rsatish
Sel, ko‘chki, yong‘in, zilzila va texnogen avariyalar kabi favqulotda vaziyatlarda:
— aholini xavfsizlik bo‘yicha ogoh qilish;
— ularning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borish;
— fuqarolarga birinchi tibbiy yordam ko‘nikmalarini o‘rgatish jamiyat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. - Ijtimoiy himoya va moddiy yordam
Jamiyat tomonidan kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan, yakka-yolg‘iz fuqarolarga muntazam ravishda moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatib kelinadi. Jamiyat tasarrufiga olingan yakka-yolg‘iz, nogiron fuqarolar “Mehr-shafqat xizmati” hamshirasi tomonidan doimiy ravishda beminnat parvarish qilinadi. Bu xizmat uyda qarovga muhtoj insonlar uchun eng ishonchli gumanitar ko‘mak bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bo‘linma oxirgi yillarda sezilarli natijalarga erishdi:
2025-yilning dastlabki 10 oyida 27 nafar kam ta’minlangan, nogiron va yakka-yolg‘iz fuqaroga 10,5 million so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.
Sentyabr oyida nogironligi bo‘lgan fuqaroga muzlatkich olib berildi. A.Jomiy mahalla-sida uyi yongan fuqaro jamiyat tomonidan ko‘rpa-to‘shak va kerakli buyumlar bilan ta’minlandi. Bu ko‘mak-lar jamiyatning nafaqat favqulodda vaziyatlarda, balki oddiy hayotda ham odamlar taqdiriga befarq emasligini ko‘rsatadi.
Bir asrlik tarixga ega O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati bugun ham insonparvarlik harakatining muhim bo‘g‘ini bo‘lib qolmoqda. Bo‘linmaning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatish, ehtiyojmandlarga moddiy yordam berish kabi faol ishlari jamiyatning amaliy ahamiyatini yaqqol namoyon etadi. Gumanitar yordami, mehr-shafqatga asoslangan xizmati va aholi farovonligi yo‘lidagi tashabbuslari bilan jamiyat kelajakda ham yurtimiz hayotida o‘zining munosib o‘rnini saqlab qoladi.
Xoltoji Irgashov,
O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati Termiz shahar bo‘linmasi ijrochi
direktori

