Prezident farmoniga muvofiq, issiqxona xo‘jaliklarini tabiiy gaz bilan kafolatli ta’minlagan holda meva-sabzavot yetishtirish hajmini oshirish, soha samaradorligini kuchaytirish va eksport hajmini kengaytirishga qaratilgan qo‘shimcha choralar belgilandi.
Muhim imtiyozlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
2026-yil 1-yanvardan 2028-yil yakunigacha issiqxona xo‘jaliklari ijtimoiy soliqni atigi 1 foiz stavkada to‘laydi;
2025-yil 1-oktyabr holatiga mavjud soliq qarzlari bo‘yicha to‘lov muddati foizlar hisoblanmagan holda 2028-yil oxirigacha uzaytiriladi.
Farmonda aniq maqsadli ko‘rsatkichlar ham belgilangan:
Meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini2026-yilda — 3,5 mlrd AQSh dollariga,
2027-yilda esa 4 mlrd AQSh dollariga yetkazish;
Tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlangan issiqxonalar orqali yetishtiriladigan meva-sabzavot mahsulotlari hajmini 2026-yilda — 620 ming tonna, 2027-yilda esa 670 ming tonnaga yetkazish;
eksport ulushini 30 foizdan 70 foizgacha oshirish,
2026-yilda qo‘shimcha 20 ming gektar,
2027-yilda 15 ming gektar dala chetlariga mevali ko‘chat va sabzavotlar ekishni tashkil etish.Ushbu farmon issiqxona sohasini barqaror rivojlantirish, bandlikni oshirish va qishloq xo‘jaligida eksportbop mahsulotlar yetishtirishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Imtiyozlar orqali fermerlar va tadbirkorlar uchun yanada qulay iqtisodiy sharoitlar yaratiladi.