2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati oldidan FIFA musobaqaning ramziy qahramonlarini ommaga tanishtirdi. Ular — Maple, Zayu va Clatch bo‘lib, har biri chempionat mezbonlari bo‘lgan mamlakatlarning — Kanada, Meksika va AQSh — boy tarixiy-madaniy merosidan ilhomlanib yaratilgan.
Qahramonlar o‘zining tashqi ko‘rinishi, harakati va xarakteri orqali o‘sha mamlakatning ruhini, an’analarini hamda futbolga bo‘lgan mehrini ifodalaydi: Maple — Kanadaning tabiatini, osoyishtaligi va birligi bilan tanilgan xalqining ramzi sifatida.
Zayu — Meksikaning boy madaniyati, rang-barangligi va qadimiy tarixidan darak beradi.
Clatch esa AQShning innovatsiya, sportdagi raqobatbardoshlik va global ta’sirini o‘zida mujassam etgan.
Musobaqaning bu galgi o‘ziga xos jihatlaridan biri — u bir vaqtning o‘zida uchta mamlakat hududida: AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Bu — FIFA tarixida eng yirik va keng ko‘lamli musobaqalardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Yana bir tarixiy voqea shundaki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor Jahon chempionati final bosqichiga yo‘l oldi. Bu yutuq nafaqat o‘zbekistonlik futbolchilar, balki butun mamlakat uchun g‘ururli sahifa bo‘lib, yurtimiz futboli rivojida yangi bosqichni boshlab beradi.
Jahon chempionatining ramziy qahramonlari esa bu global sport bayramining madaniy ko‘prigi sifatida futbol ixlosmandlariga iliq kayfiyat va ilhom ulashadi.