Muqaddas vazifaga munosiblar

Date:

Tong Salima Norqo‘chqarova uchun o‘zgacha otdi. Erta saharlab yuqori kayfiyat bilan mehnatlari qadr topganidan faxr va iftixor tuyg‘usi ila taraddudlandi. Ustoz sifatida Prezidentimizning o‘qituvchi va murabbiylar bilan muloqotiga taklif qilishganidan g‘oyat mamnun edi. Bu muloqot Salima Norqo‘chqarova yanglig‘ bir guruh zahmatkash soha xodimlari uchun kutilmagan yangiliklarga boy bo‘lishini hali ular bilishmasdi.
Shu tariqa muloqot boshlandi. Surxondaryo viloyati pedagoglari ham viloyat, shahar va tumanlar studiyalari orqali muloqotda ishtirok etishdi. Uchrashuvda ta’lim fidoyilari davlat rahbarining yangi tashabbuslarini ko‘tarinki ruh bilan qarshi olishdi.
Uchrashuvdan so‘ng Prezident farmoni bilan davlatimizning yuksak orden va medallariga loyiq ko‘rilgan o‘qituvchi va murabbiylarga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirib, ta’lim fidoyilarini yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami bilan qizg‘in tabrikladi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda eng hurmatli va e’zozli insonlar — aynan ustoz va murabbiylar ekan”, ularni e’zozlab, soha rivoji uchun kamarbasta bo‘lish har birimizning muqaddas burchimiz bo‘lishi kerakligi alohida ta’kidlandi.
— Bu kasb — mening hayotim, — deydi Qumqo‘rg‘on tumanidagi 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabining fizika fani o‘qituvchisi Salima Norqo‘chqarova. — Maktab — bolaning kelajakka ilk qadami. Shu davrda berilgan ta’lim va tarbiya uning butun hayotini belgilab beradi. Men o‘quvchilarimni bilimli, mehribon, odobli qilib tarbiyalashni eng muqaddas vazifa deb bilaman. Har bir bolaning ko‘zida porlagan ishtiyoq, savollarga to‘la nigohlar meni doimo ilhomlantiradi. Kasbingizni sevsangiz, qadr toparkansiz. Mana bugun ana shunday hissiyotlar og‘ushidaman. Men “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Ochig‘ini aytsam, bu mukofot men uchun kutilmagan bo‘ldi. Kamtarona xizmatlarim e’tirof etilganini ko‘rib juda hayajonlandim va behad quvondim. Bu yuksak mukofot men uchun yanada katta mas’uliyatdir.
Qalbida g‘urur, faoliyatida yangicha ishtiyoqni tuygan ustozlar mazkur muloqot va taqdirlash marosimida alohida tilga olinar ekan, ularning mehnatlari asl ibrat namunasi ekanligi ta’kidlandi.
— Bugungi kunda IT sohasi hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda, — deydi Muzrabot tumanidagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabining informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchisi, “Shuhrat” medali sohibi Sherbay Bobanazarov. — Deyarli har bir sohada raqamlashtirish jarayoni ketmoqda. Yoshlarning texnologiyaga bo‘lgan qiziqishi ham sezilarli darajada ortdi. Avvallari, informatika darslari oddiy dasturlardan foydalanish bilan cheklangan bo‘lsa, hozir bolalar dasturlash, sun’iy intellekt, kibersavodxonlik kabi zamonaviy yo‘nalishlarga ham qiziqish bildirishmoqda. Bu juda quvonarli hol. Ana shu qiziqishga javoban mehnat qilib kelayotgan minglab, millionlab ustozlarning biriman. O‘quvchilarimni zamon talabiga mos bilimlar bilan qurollantirishni o‘ylayman. Ana shunday o‘y-xayollar, maqsadlar bilan faoliyat yuritib kelayotgan bir paytimda mukofotlanishim mutlaqo kutilmagan bo‘ldi. Shunday yuksak e’tirof etilishim meni yanada ko‘proq mas’uliyatli qiladi. Bu medal — nafaqat mening, balki butun jamoamiz va aziz o‘quvchilarimning yutug‘idir.
Shuningdek, ta’lim sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilib, o‘zining boy tajribasi, bilim va salohiyati hamda fidoyiligi bilan yosh avlod tarbiyasida alohida o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh pedagoglar viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ustozlarning barchasi bir maqsad yo‘lida, ya’ni yosh avlodni barkamol inson etib tarbiyalashda xizmat qilmoqda. Ustozlarning bir bolalarga mehr va tarbiya berish bilan faxrlansa, yana boshqasi ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirib, raqamli dunyoga tayyorlamoqda. Nima bo‘lganda ham ustozlarning faoliyatida yagona ruh seziladi: mehnatga sadoqat va Vatanga mehr.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“E-auksion.uz” — ochiq savdo maydoni

Bugungi tezkor hayotda har birimizning xayolimizda turli biznes g‘oyalari...

Kamchiliklar bartaraf etildi

Jarqo‘rg‘on tumanida davlat tilining nufuzini oshirish, uni hayotimizning barcha...

Bilim va zukkolik bellashuvi

Termiz davlat universitetida talabalar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini boshlandi....

“Yangi hayot”da yangi maskan

Qiziriq tumanida yosh avlod tarbiyasi va ta’limi yo‘lida navbatdagi...
KunTun
KunTun