Albatta, mehmonxona – bu shunchaki tunash joyi emas. U sayyoh uchun mamlakat haqidagi birinchi taassurot, xalqning madaniyati, didi va xizmat ko‘rsatish darajasining oynasidir. Shuning uchun ham Surxondaryoda ham mehmonxona biznesi tobora rivojlanib, xalqaro talab va standartlarga moslashmoqda. Zamonaviy arxitektura, milliy uslub, qulay sharoit, xalqona taomlar – bularning bari sayyohning vohamizda o‘zini qulay va erkin his qilishiga xizmat qiladi.
Masalaning yana bir tomoni shundaki, bugun turizm va mehmonxona biznesi bir-biridan ajralmas tushunchaga aylandi. Mehmonxonalar tarmog‘i kengayar ekan, o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga, xizmat ko‘rsatish sohasida raqobatning yanada kuchayishiga, iqtisodiy daromadni oshishi va eng muhimi, mamlakatning xalqaro imijini yuksalishiga xizmat qiladi.
Bugun sayyohlarning tarixiy shaharlar, tabiat qo‘yniga, qishloqlarimizning o‘ziga xos urf-odatlari bilan tanishishga ishtiyoqi baland. Ayniqsa, eko-mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari, milliy uslubdagi dam olish maskanlari turizmning yangi qiyofasini shakllantirmoqda.
Darhaqiqat, turizm va mehmonxona biznesi – bu nafaqat iqtisodiy foyda, balki xalqaro do‘stlik, madaniyatlararo muloqot va xalqlar o‘rtasidagi ishonch ko‘prigidir. Sayyoh mehmonxonadan mamnun bo‘lsa, u Surxondaryoni ham mehr bilan eslaydi.
Ayni jihatlarni hisobga olgan holda Termiz shahrida xizmatlar sohasini rivojlantirish, sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, “Botanika bog‘i”ga tutash hududda ikki qavatli mehmonxona va kottej tipidagi turar joylar qurilishi boshlangani shaharning turizm salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
O‘rganishlar davomida mazkur loyiha ijrosi chuqur tahlil qilinib, qurilish normalariga rioya etilishi holati ko‘rib chiqildi. Afsuski, ayrim jihatlarda tasdiqlangan loyihadan chekinishlar, talablarning buzilgani aniqlanib, bu borada qat’iy chora-tadbirlar belgilandi. Endilikda bunyodkorlik ishlari faqat tasdiqlangan hujjatlar asosida olib borilishi, me’yorlardan chiqilgan qismlar qayta tiklanishi, shaharsozlik qoidalariga qat’iy amal qilinishi mutasaddilar zimmasiga yuklatildi.
Topshiriqlardan so‘ng, oradan ko‘p vaqt o‘tmay, viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahridagi turizm yo‘nalishidagi loyihalar ijrosi va yangi tashabbuslar bilan tanishdi. Jumladan, “Botanika bog‘i” qurilishi jarayonlari ko‘zdan kechirildi.
Hududdagi bo‘sh yer maydonida “Turizm ko‘chasi” barpo etish loyihasiga start berilgani, ayniqsa, e’tiborga molik. Ushbu majmua ikki qavatli mehmonxona, zamonaviy kottej tipidagi turar joylar va tun-u kun faoliyat yurituvchi savdo nuqtalarini o‘z ichiga oladi. Natijada, sayyohlar uchun qulay sharoit yaratilishi bilan birga, mahalliy aholiga ham qo‘shimcha ish o‘rinlari taqdim etiladi.
Shuningdek, “Vatanparvarlar” bog‘ida mahalliy tadbirkor tashabbusi bilan “Peyntbol” sport maydonchasi tashkil etilmoqda. “Botanika bog‘i” hududida esa faunaga oid maxsus maskanlar barpo etish rejalashtirilgan. Bu kabi tashabbuslar yoshlar uchun mazmunli hordiq chiqarish imkoniyatlarini kengaytiradi.
— Avvalo, turizmning rivojlanishi biz yoshlar uchun katta imkoniyat, — deydi TDMAU talabasi Firdavs Normurodov. — Chet ellik sayyohlar ko‘payganda til o‘rganish, tarjimonlik, gidlik, xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda ish o‘rinlari ko‘payadi. Bundan tashqari, bo‘sh vaqtimizni samarali o‘tkazish uchun yangi maskanlar – “Botanika bog‘i”, “Peyntbol” maydonchasi, “Turizm ko‘chasi” paydo bo‘layotgani bizni quvontiradi.
Darhaqiqat, Termizda amalga oshirilayotgan bunday bunyodkorlik ishlari nafaqat turizm salohiyatini oshiradi, balki xalqimizning farovon hayotini ta’minlash, yoshlar va oilalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Shahar markazida mo‘jaz hudud
Date: