Viloyat Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining katta majlislar zalida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat, shahar va tumanlari Kengashlarining navbatdagi II Qo‘shma Plenumi o‘tkazildi. Plenumda, O‘zMTDP viloyat Kengashi a’zolari, O‘zMTDP viloyat Kengashi Ijroiya qo‘mitasi devoni xodimlari, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, O‘zMTDP tuman (shahar) Kengashlari raislari hamda partiya faollari ishtirok etdi. Dastlab, O‘zMTDP Surxondaryo viloyati Kengashi raisi, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Saydulla Abduraimov joriy yilda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oya ostida nishonlanadigan mamlakatimiz mustaqilligining 34 yillik bayrami bilan II Qo‘shma Plenum ishtirokchilarini tabrikladi. Shundan so‘ng, O‘zMTDP Surxondaryo viloyati Kengashi raisining O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Surxondaryo viloyati, shahar va tumanlari Kengashlarining 2025-yil birinchi yarim yillik faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan tahliliy-tanqidiy ma’ruzasi tinglandi.
Keltirib o‘tilganidek, partiya viloyat Kengashining vakillik organlaridagi deputatlik birlashmalari bilan ishlash yo‘nalishida joriy yilning 6 oyi davomida deputatlarning faoliyati 987 marotabadan ziyod OAVlarida yoritilgan. 14 ta masala Xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari sessiyalarida ko‘rib chiqilgan hamda tegishli qarorlar qabul qilingan. Ammo, viloyat Kengashi deputatlari va Bandixon, Boysun, Denov, Qumqo‘rg‘on, Qiziriq, Oltinsoy, Sherobod, Sariosiyo, Muzrobod tumanlari hamda Termiz shahar Kengashidagi deputatlar tomonidan umuman takliflar, shuningdek, sessiya kun tartibiga masala olib chiqilmagan.
Joriy yil birinchi yarim yilligida Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar tomonidan 306 ta deputatlik so‘rovlari amalga oshirilgan. Ularning 71 foizi ijobiy hal etilib, doimiy komissiyalar yig‘ilishlarida 22 ta masala dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan. Yig‘ilish davomida deputatlik so‘rovi chiqarmagan deputatlar faoliyati qattiq tanqid qilindi. Mahalliy Kengashlardagi partiya guruhi a’zolari tomonidan “Deputat bilan yuzma-yuz”, “Deputat bilan uchrashuv”, “Ayol deputat bilan uchrashuv”, “Uyma-uy”, “Ayollar va yoshlar” qanotlari bilan hamkorlikda “Mahorat darsi”, “Targ‘ibot guruhi”, “Til posbonlari” loyihalari doirasida joylarda deputatlarning yoshlar va aholining turli qatlamlari bilan 293 tadan ziyod uchrashuv va muloqotlar o‘tkazilganligi aytib o‘tildi. Faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan, partiya bilan aloqasini uzgan nofaol deputatlardan 3 (uch) nafarini muddatidan oldin chaqirib olish choralarini ko‘rish bo‘yicha Xalq deputatlari tuman Kengashlari raislariga xat yuborilganligi ta’kidlandi.
Partiyaning “Uyma-uy” loyihasi doirasida shahar va tuman Kengashlari tomonidan deputatlik guruhi a’zolari bilan hamkorlikda – 220 ta aholi xonadonlariga tashrif uyushtirilib, xotin-qizlar tomonidan bildirilgan 44 ta muammoli holat tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ijobiy hal etilgan. “Xizmat-beminnat” loyihasi doirasida mahallalarda istiqomat qilayotgan “Temir daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan vaqtincha ishsiz xotin-qizlarni qo‘shimcha bepul kasb-hunarga o‘rgatishga yo‘naltirilgan — 11 ta yo‘nalish bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, sport, musiqa, tikuvchilik, kompyuter savodxonligi, qandolatchilik kurslariga jami 84 nafar uyushmagan xotin-qizlar qamrab olingan.
Shundan so‘ng, kun tartibidan o‘rin olgan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyati Kengashining 2025-yil uchun umumlashtirilgan smetasi ijrosi va a’zolik badallari tushumi to‘g‘risida masala ko‘rib chiqildi. Tanqidiy ruhda o‘tgan plenumda kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Kengash a’zolari va deputatlar tomonidan fikr-mulohazalar bildirildi. Ko‘rib chiqilgan kamchilliklar bo‘yicha ma’sullarga topshiriqlar berildi.
O‘tgan davr mobaynida faollik ko‘rsatgan deputatlar va partiya faollarilari e’tirof etildi, o‘z faoliyatida sustkashtlikka yo‘l qo‘ygan deputatlar qat’iy ogohlantirildi. Yakunda tegishli qarorlar qabul qilinib, partiya oldida turgan galdagi vazifalar belgilab olindi.