Deputatlar birinchi yarimyillikda nimalarga erishdi?

Date:

Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining 2025-yil 1-yarimyillik davomidagi faoliyati, amalga oshirilgan ishlar va yil yakuniga qadar bajarilishi lozim bo‘lgan rejalarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Brifingda xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi Abduraim Choriyev tomonidan amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, davlatimiz rahbari tomonidan aholi farovonligini ta’minlash, har bir fuqaro uchun munosib, xavfsiz sharoitni yaratish maqsadida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu yo‘lda davlat va xalq o‘rtasida Senatorlar hamda mahalliy Kengashlar deputatlari ham munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Eng quvonarlisi, joriy yilning 2-fevral kuni mahalliy Kengashlar faoliyatini yanada kuchaytirish maqsadida alohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-28-sonli hamda joriy yilning 23-iyun kunidagi “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” PF-98-sonli Farmonlari qabul qilindi.
Mamlakatimiz qolaversa, viloyatimizda ham so‘nggi yillarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha vakolatlari kengaytirilib, xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.
Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi o‘tgan olti oy davomida 7 ta sessiya o‘tkazdi. Sessiyalarda deputatlar tomonidan turli yo‘nalishlarda masalalar muhokama etilib, jami 94 ta qaror qabul qilindi. 40 dan ortiq doimiy komissiyalar yig‘ilishlari o‘tkazildi. Sessiyalarda tizimli ravishda qonunlarda belgilangan tartibda viloyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tegishli mansabdor shaxslarning hisobotlari eshitildi. Mahalliy Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish maqsadida ularga o‘ndan ortiq qo‘shimcha vakolatlar berildi.
Xususan, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq, ekologiya va sog‘liqni saqlash organlari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qo‘yildi. Bugungi xalq vakillarini oldida javob berish qanchalik murakkab ekanligini mas’ullar his qildi. Ijro etuvchi hokimiyatdan Kengashning ajralishi zamirida Kengash va deputatlar faoliyati keskin yaxshi tomonga o‘zgardi.
Senat yalpi majlisi kun tartiblariga kiritilgan qonunlar bo‘yicha 49 ta o‘tkazilgan muhokamalarda 33 ta qonun loyihasi muhokama etilib, qonun loyihalari bo‘yicha 92 dan ortiq takliflar yuborildi. Senat tomonidan qabul qilingan qonunlar yuzasidan 10 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Viloyatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, Oliy Majlis palatalari va hukumat qarorlari, oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan kelishuvlar yuzasidan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda belgilangan chora-tadbirlarni manzilli o‘rganish hamda samarali tashkil etilishida deputatlik nazorati o‘rnatildi.
Brifing davomida korrupsiyaga qarshi kurashishda viloyat Kengashi faoliyatida ham Senator va deputatlar, hududiy Kengash a’zolari samarali faoliyat olib borayotgani ta’kidlandi. Hududiy Kengash o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6257-sonli Farmoni hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5177-sonli qaroriga asosan amalga oshirmoqda.
Shuningdek, davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan viloyatdagi boshqarma, tashkilot va muassasalarda amalga oshirilgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi hamda tegishli chora-tadbirlar belgilanib, ijroga qaratildi.
Sohalar va tarmoqlarda korrupsiyaga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha “Ma’naviyat va ma’rifat” Kengashi bilan hamkorlikda “Surxondaryo viloyatini korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Hududiy Kengashning hisobot yig‘ilishlarida bildirilgan tanqidlardan kelib chiqib, tegishliligi bo‘yicha sohalarda chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqilib, ijrosi nazoratga olib borilmoqda.


Yana bir muhim jihat, viloyatimizda faoliyat olib borayotgan senator va viloyat Kengashi deputatlarining individual faoliyatiga nazar tashlasak, o‘tgan davr mobaynida senatorlarimiz tomonidan turli vazirlik va idoralarga senator so‘rovlari yuborildi. Deputatlar tomonidan tashkilot rahbarlariga 120 ta deputatlik so‘rovi yuborildi, shundan, 72 tasi amaliy ishlarga qaratilgan bo‘lib, ijobiy yechimini topdi. 48 tasiga ijroiya organning tegishli mansabdor shaxslari tomonidan tushuntirishlar berildi. Misol uchun, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Bibixol Karimova tomonidan Oltinsoy tumani “Karsagan” mahallasida yashovchi fuqarolarning iltimosnomasiga asosan 2017-yilda ish faoliyatini to‘xtatgan Ambulatoriyani ta’mirlab, ishga tushirish masalasida viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yuborgan deputatlik so‘rovi ijobiy yechimini topdi. Bugungi kunda tibbiyot maskani ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
Bundan tashqari, tizimli ravishda deputatlarning o‘z saylovchilari bilan 68 marta uchrashuvlari tashkil etildi. Brifingda tadbirkor deputatlarimiz ham fuqarolarni rozi qilish, turmush sharoitini yaxshilash borasida o‘z hissalarini qo‘shib kelayotganiga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, viloyat Kengashi deputati, tadbirkor Salohiddin Pardayev ko‘magida Termiz shahri va Termiz tumanida istiqomat qiluvchi yetim va ijtimoiy himoyaga muhtoj 40 nafar bolaga “Sunnat to‘yi” qilib berdi. Jarqo‘rg‘on hamda Termiz tumanidagi 8 ta mahallada oilaviy sharoiti og‘ir xonadonlarga insonparvarlik yordamlari ko‘rsatdi. 10 dan ortiq deputatlik so‘rovlari orqali fuqarolarni muammolariga yechim topildi. Viloyat Kengashi deputati, tadbirkor Xayitali Allamurodov ko‘magida Termiz shahrining 10 dan ortiq mahallalarida istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Bunday misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin.
Bugun axborot asrida yashamoqdamiz. Kengash birinchi yarimyillik faoliyati mobaynida respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda faol chiqishlar qildi. Jumladan, respublika va mahalliy televideniyalarida 44 marta, gazetalarda 14 marta, radiolarda 6 marta, internet saytlarda 61 marta hamda ijtimoiy tarmoq sahifalarida 325 marta chiqishlarni amalga oshirdi.
Kengash faoliyati hamda senator va deputatlarning amaliy ishlari doimiy ravishda Kengashning rasmiy telegram, facebook, instagram tarmoqlari va E-KENGASH sayti orqali yoritib borildi. Barcha sessiyalar ochiq muhokama etilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyun kuni qabul qilingan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6247-sonli Farmoniga asosan onlayn tarzda “Surxondaryo MTRK” teleradiokompaniyasi hamda viloyat hokimligining “YOUTUBE” kanalida jonli efirga uzatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-28-sonli Farmoni orqali Kengash faoliyatini yanada kuchaytirish, deputatlarning rolini oshirishda huquqiy asos yaratildi. Qisqa davr ichida viloyat, tuman va shahar Kengashlarimizning moddiy-texnika bazasi yangilandi. Mazkur Farmon asosida zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlandi. 2024-yil 1-oktyabrga qadar xalq deputatlari viloyat Kengashi, 2025-yil 1-dekabrga qadar xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari uchun belgilangan minimal talablarni inobatga olgan holda bino (ishchi xonalar) bilan ta’minlash va jihozlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash belgilab qo‘yildi. Farmon ijrosi yuzasidan bosqichma-bosqich alohida bino va jihozlar bilan ta’minlanmoqda.
Shu bilan birga, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ko‘rsatib o‘tilgan maqsadlar mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalqning haqiqiy “ovoziga” aylantirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini transformatsiya qilib, hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yish, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida tashkil etish asosiy maqsad etib olindi. Bir so‘z bilan aytganda, Farmonda belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi Kengashlarni joylardagi aholi manfaatlarini himoya qilish, hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarga imkon qadar tezroq yechim topish, viloyat, tuman va shahar hokimining mahalliy Kengashlar oldidagi hisobdorligi, mas’uliyati va javobgarligini oshirishga, mahalliy davlat hokimiyati darajasida bir-birini tiyib turuvchi mexanizmlar samarali ishlashiga xizmat qiladi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Qiyin ahvolga tushsa, yengillik beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining “Banklar kapitalining monandligiga qo‘yiladigan...

“Maromiylik” tadbirlari boshlandi

Denov tumanining “Yangi hayot” mahallasida Oila va xotin-qizlar bo‘limi,...

Qarovsiz bog‘ sayilgohga aylanadi

Surxondaryoda yangi savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarining ishga tushirilishi...

Loyihalar yanada takomillashtiriladi

Surxondaryoda Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yirik "To‘palang" suv...
KunTun
KunTun