Uzun tumanidagi “Janub gavhari” bolalar oromgohi haqida eshitgandirsiz. Ayniqsa, u yerda o‘tgan mavsumda mazmunli xordiq chiqargan o‘g‘il-qizlar oromgoh nomini eshitiboq taassurotlar uyg‘nishi aniq. 200 o‘rinli ushbu sog‘lomlashtirish va orom olish maskani bu yil mavsumda ham bolalarni o‘z bag‘riga chorlaydi.
Ayni kunlarda oromgohni namunali maskanga aylantirish maqsadida keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Tuman hokimi X.Bozorov boshchiligida korxona va tashkilotlar vakillari, shuningdek, tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari ishtirokida hashar uyushtirilib, oromgoh hududida tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Daraxt va butalar tartibga keltirildi, yaroqsiz jihozlar yangilariga almashtirildi, bolalar xavfsizligi va qulayligi uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Shuningdek, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan oromgoh hududida maxsus taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Ushbu mashg‘ulotda favqulodda holatlarda qanday harakat qilish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish va tezkor evakuatsiya tartiblari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar shakllantirildi. Mazkur tayyorgarlik ishlari orqali “Janub gavhari” oromgohi bu yilgi yozgi mavsumni yuqori saviyada tashkil etish, bolalarning mazmunli va xavfsiz dam olishini ta’minlashga tayyorlanmoqda.
“Janub gavhari” bolalarni chorlaydi
Date: