Viloyatimizning turizm salohiyati haqida gap ketganda, albatta, vohaga qiziqish yuqorilab, mehmonnavozlik ishtiyoqi alangalaydi. Zotan, bunda ortiqcha ta’rif-u tashbehga hojat yo‘q, shunchaki viloyatning mo‘jaz manzarasi, tarixiy va madaniy rivojlanishi haqida so‘z ochsak kifoya. Surxondaryoni kashf etish uchun birgina sayohat yetarli bo‘lmasa-da, viloyatimiz bo‘ylab sayohatini boshlagan sayyoh har bir hududning o‘ziga xos tabiati, go‘zal manzaralari oldida lol qoladi. So‘lim go‘shalarda hordiq chiqarib, nafaqat eko, balki ziyorat turizmidan ham bahramand bo‘ladi. Viloyatimizning har bir manzilida turizmga katta e’tibor qaratilgan bo‘lib, yetarlicha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.
So‘zimizni Sariosiyo tumani misolida oladigan bo‘lsak, hudud o‘zining go‘zal tabiati, boy tarixiy merosi va sayyohlik maskanlari bilan turizm sohasini rivojlantirishda katta salohiyatga ega. Xususan, tumanning tog‘ va tog‘oldi hududlari, jumladan, Sangardak qishlog‘i hamda “To‘palang” suv ombori muhofaza zonasida ekoturizm rivojlantiriladi.Shu bois, tumanda tabiiy resurslardan samarali foydalanish, sanoat, transport, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va xizmatlar sohasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday islohotlarni xalqimizga yetkazish maqsadida viloyat hokimligi tashabbusi bilan jurnalist va blogerlar uchun ushbu manzilda press-tur tashkil etildi.
Mediasayohat doirasida ishtirokchilar Bog‘cha aholi punktidan Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi Kamar qishlog‘igacha bo‘lgan, umumiy foydalanishdagi 2-toifali 78 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘li qurilishi bilan tanishishdi.
Ushbu yo‘l qurilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi “2023 — 2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha uchun 223,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, 2027-yilgacha qurilishni to‘liq yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda yo‘lning 5-kilometr qismida yer ishlari, 4-kilometr qismida asos qurilishi, 2-kilometr qismida esa himoya devorlari barpo etish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur yo‘l foydalanishga topshirilgandan so‘ng, masofa
212 kilometrga qisqaradi. Shu bilan Denov — Toshkent orasidagi masofa hozirgi 750 kilometr o‘rniga 538 kilo-metrni tashkil etadi. Mos ravishda, Toshkentgacha bo‘lgan yo‘l vaqtidan ham ikki yarim soat tejaladi.
Press-tur doirasida jurnalistlar “Sangardak” sanatoriysidagi sharoitlar bilan ham tanishishdi, shuningdek, so‘lim tabiati bilan mashhur Sangardak sharsharasida bo‘lishdi.
S.NORMURODOVA