O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan hududlarda tashkil etilayotgan “O‘zA kunlari” loyihasi doirasida agentlik ijodkorlari Surxondaryoga tashrif buyurdi.
Ijodkorlarning vohadagi uchrashuvlari Termiz davlat universitetidan boshlandi. Professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan muloqotda axborot sohasi, ta’limdagi yangilanishlar hamda hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida fikr almashildi.
Mehmonlar universitetda yo‘lga qo‘yilgan raqamli ta’lim xizmatlari, ilmiy loyihalar, innovatsion ishlanmalar va startaplar bilan tanishdi. Jumladan, zamonaviy arxeologiya laboratoriyasi, “In-vitro” laboratoriyasi hamda quyosh fotoelektr stansiyasi negizida tashkil etilgan “TerDU Janub oftobi” Spin-off korxonasi faoliyati haqida ma’lumot oldi.
Tashrif davomida O‘zA ijodkorlari “Termiz xalqaro savdo markazi” faoliyati bilan ham tanishib, savdo zonasi, yaratilgan sharoitlar va xizmat ko‘rsatish tartiblari haqida ma’lumot oldi.
Shuningdek, ijodkorlar Hakim Termiziy va Sulton Saodat majmualarini ziyorat qilib, vohaning tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif doirasida Surxondaryoning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, ta’lim, innovatsiya va turizm imkoniyatlarini keng yoritishga qaratilgan materiallar tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.

