Ustoz mehnatining qadri — uning yetishtirgan shogirdlari, bergan bilimi va jamiyatga qo‘shayotgan hissasida. Ana shu mehnatni munosib e’tirof etish, fidoyi va mahoratli pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovi bu yil yangi tartib va katta rag‘bat bilan o‘tkazildi.
Respublika miqyosidagi tanlovda 46 ming nafardan ortiq pedagog ishtirok etdi. Yakunda 208 ta tuman va shahardan birinchi o‘rinni egallagan pedagoglar g‘olib deb topildi. Ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari — 616 million so‘mdan pul mukofoti beriladi.
Bu raqamning o‘ziyoq tanlovning ko‘lami va ustoz mehnatiga berilayotgan e’tibor darajasini ko‘rsatadi. Muhimi, katta miqdordagi mukofot ortida faqat bir martalik rag‘bat emas, balki yillar davomida o‘z ustida ishlab, bilimini shogirdiga berib kelayotgan pedagog mehnatini qadrlash tamoyili turibdi.
Bu e’tirof Surxondaryodagi fidoyi ustozlarni ham chetlab o‘tmadi. Viloyatning shahar va tumanlaridan 15 nafar g‘olib ustozlar aniqlandi.
G‘oliblikni qo‘lga kiritgan pedagoglar safida Uzun tumanidagi 70-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining geografiya fani o‘qituvchisi Inomjon Primov ham bor.
Inomjon Primovning ustozlik yo‘li 14 yilni qamrab oladi. Geografiyaga yoshligidan mehr qo‘ygan pedagog bugun o‘zi tanlagan kasb orqali yuzlab yoshlarning kelajagiga ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Shu yillar davomida 100 ga yaqin shogird tayyorladi. Ularning aksariyati geografiya yo‘nalishini tanlab, oliygohga o‘qishga kirdi. Ayrimlari esa bugun ustozining o‘zi bilan bir maktabda hamkasb sifatida faoliyat yuritmoqda.
Inomjon Primov uchun bu g‘alaba bir kunda kelgan natija emas. U 2017-yilda “Yil o‘qituvchisi” tanlovining respublika bosqichida qatnashgan, 2019-yilda esa 3-o‘rinni egallagan. 2020-yilda “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Bu safar esa u tanlovning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
— Men uchun bu g‘alaba, avvalo, yillar davomida qilgan mehnatim va shogirdlarimning yutug‘i bilan bog‘liq. Ustoz uchun bundan ortiq quvonch bo‘lmasa kerak. Tanlovdagi har bir bosqich menga yana bir bor o‘z ustimda ishlash, bilim va tajribamni sinash imkonini berdi, — deydi ustoz I. Primov.
616 million so‘mlik mukofot — e’tiborning raqamdagi ko‘rinishi. Ammo ustoz uchun eng katta mukofot, ehtimol, uning bergan sabog‘i bilan o‘z yo‘lini topgan shogirdlari, yillar o‘tib ham eslab keladigan minnatdor avloddir. Shu ma’noda Inomjon Primovning g‘alabasi birgina ustozning yutug‘i emas, ustozlik kasbiga bo‘lgan hurmatning yana bir yorqin namunasidir.

