Mahalladagi taraqqiyot faqat bunyodkorlik ishlari bilan emas, insonlarga qanday imkoniyat yaratilayotgani bilan o‘lchanadi. Sherobod tumanida ham bu yondashuv bir-birini to‘ldiruvchi qator yo‘nalishlarda namoyon bo‘lmoqda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovning tumanga tashrifi davomida ana shu loyihalarning amaliy natijalari ko‘zdan kechirilib, ularni samarali ishlatish va aholiga real naf keltirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Mahsulotni saqlash — qiymatni saqlash
“Mehrobod” mahallasida tadbirkorning o‘z mablag‘i hisobidan 2 milliard so‘mlik zamonaviy muzlatgichli omborxona tashkil etildi. 180 tonna sig‘imga ega majmuada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qabul qilish, saralash, sovutish va saqlash jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan.
Viloyat hokimi ushbu loyiha bilan tanishib, mahsulotlarni saqlash imkoniyatlari, yaratilgan sharoitlar va tadbirkorning kelgusidagi rejalari haqida ma’lumot oldi.
Omborxonaning ishga tushirilishi, ayniqsa, mavsumiy mahsulotlar uchun muhim. Mahsulotni hosil yig‘imi davrida shoshilinch sotish o‘rniga tegishli sharoitda saqlab, bozor talabiga qarab realizatsiya qilish imkoniyati kengayadi. Loyiha doirasida 10 ta yangi ish o‘rni yaratilgani esa uning iqtisodiy samarasini yanada oshiradi.

Yoshlar uchun sport maydoni
“Majnuntol” mahallasida esa tadbirkor tashabbusi bilan zamonaviy sport maydonchasi barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Yangi majmua yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sportga keng jalb qilish va mahallada sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Tashrif davomida maydonchadagi sharoitlar ko‘zdan kechirilib, undan yoshlar uchun ochiq va samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish masalalariga e’tibor qaratildi.
Bu yerda asosiy masala maydonchaning barpo etilgani bilan cheklanmaydi. Uning mahalla yoshlari hayotida doimiy ishlaydigan sport maskaniga aylanishi, mashg‘ulotlar va ommaviy sport tadbirlari bilan muntazam band qilinishi muhimligi qayd etildi.
Ko‘makdan daromadgacha…
Tashrifning yana bir muhim yo‘nalishi kambag‘allikni qisqartirish va xotin-qizlarning daromad manbalarini kengaytirishga qaratildi.
Kambag‘allik reyestrining 1-toifasida turuvchi 100 nafar xotin-qizga tikuv mashinalari topshirildi. Mazkur yordam ayollarga uy sharoitida tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mehnati orqali daromad topish imkonini beradi.
Shuningdek, mahallalarda o‘tkazilgan xatlov natijalari asosida kambag‘al oilalarni daromadli mehnatga jalb etish masalalari tahlil qilindi. Hokim yordamchilarining taqdimotlarida oilalarning bandligi, yaratilgan daromad manbalari va kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Viloyat hokimi bu borada asosiy mezon statistik ko‘rsatkich emas, balki har bir xonadonning real daromadi va barqaror bandligi bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, reyestrda qolayotgan oilalar bilan individual ishlash, ularning imkoniyatidan kelib chiqib aniq yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Sheroboddagi ushbu loyihalar mazmunan turlicha bo‘lsa-da, ularni bir maqsad birlashtiradi: mahallada mavjud imkoniyatni real iqtisodiy va ijtimoiy natijaga aylantirish. Yaratilayotgan shart-sharoitlar esa mahalla taraqqiyotining amaliy ko‘rinishidir.
“Surxon tongi”

