Kelin bo‘lgani ko‘p bo‘lmadi. Egizak qaynsingilchalari ortidan qolmaydi.
— Yashirib ye, qoning kam, — dedi bir kun onasi unga yarim paket mayiz uzatayotib. Shunday qildi. Har kun ertalab bir siqim yeydi. So‘ng yana tortmaga soladi.
Bir kuni ertalab tortmadan paketni topolmadi. “Nega mening narsamga tegasizlar?!” deya o‘dag‘ayladi qizlarga. “Yana uyimga kirsanglar, qattiq xafa qilaman!”
Ishxonasida konspekt daftarini olayotib, sumkadagi mayizga ko‘zi tushdi. “Esim qursin! Kecha ishda yeyman deb solib qo‘ygandim-ku!”
Uyiga kelguncha, mayiz voqeasi unutilgandek edi. Ammo ochiq turgan tortmaga ko‘zi tushgach, yuragida nimadir chirt etib uzilgandek bo‘ldi. Mayiz to‘ldirilgan qop sig‘maganidan tortma yopilmay qolgandi. Chopqillab qarshilaydigan qizlar ham ko‘rinmasdi…
Yulduz HOJIYEVA

