Muqaddas Ramazon oyi – bag‘rikenglik, sabr-qanoat va saxovat timsoli. Bu oyda inson qalbi poklanib, mehr-muruvvat tuyg‘ulari yanada yuksaladi. Jamiyatda o‘zaro ko‘mak, xayr-u ehson, ehtiyojmandlardan xabar olish kabi ezgu qadriyatlar mustahkamlanadi. Ana shunday savobli kunlarda viloyatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hududda Ramazon oyi davomida qariyb 15 ming kam ta’minlangan oila oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishi belgilangan. Ayni kungacha 8 290 oila muqaddas oyning mehr-muruvvatidan bahramand bo‘ldi. Yordamlar manzilli va shaffof tarzda yetkazilayotgani alohida e’tiborga molik.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Qumqo‘rg‘on tumani studiyasi orqali o‘tkazgan navbatdagi onlayn ommaviy qabulda voha ahlini muborak oy bilan qutlar ekan, mamlakatimizda ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘na-lishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Qabul jarayonida markaziy va hududiy studiyalar orqali 142 nafar fuqaroning 165 ta murojaati tinglandi. Har bir masala qonunchilikda belgilangan tartibda, aniq muddatlar asosida ko‘rib chiqilishi uchun mas’ullarga topshiriqlar berilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi. Bu esa fuqarolar murojaatlari ortida turgan hayotiy muammolarga befarq qaralmayotganini ko‘rsatadi.
Ommaviy qabul yakunida tuman va shahar hokimlari tomonidan uch mingdan ortiq kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan hamda yakka yolg‘iz istiqomat qiluvchi keksalarga oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi. Qabulda ishtirok eta olmagan, uy sharoitida parvarishlanayotgan keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning xonadonlariga esa yordamlar bevosita yetkazib berilmoqda.
Shuningdek, Ramazon munosabati bilan viloyatda 70 mingga yaqin oilaga 1 million 500 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratilishi rejalashtirilgan. Bu mablag‘lar ehtiyojmand oilalarning kundalik xarajatlarini yengillashtirish, ularning turmush barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Amalga oshirilayotgan bunday xayrli tashabbuslar Ramazon oyining asl mohiyatini – inson qadrini ulug‘lash, mehr-oqibatni mustahkamlash, saxovat ko‘rsatish fazilatlarini amalda namoyon etmoqda. Ezgu niyat bilan ko‘rsatilayotgan har bir ko‘mak, har bir mehr ulushi ehtiyojmand oilalar qalbiga yorug‘lik olib kirib, og‘irini yengil qilmoqda. Balki bu yordamlar moddiy jihatdan ulkan bo‘lmas, ammo ular inson qalbiga taskin, ertangi kunga ishonch va jamiyatda birdamlik tuyg‘usini baxsh etayotgani bilan ahamiyatli.
“Surxon tongi”

