Surxondaryoda kitob bayrami

Date:

Mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlar qalbida mutolaa zavqini mustahkamlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, PQ-9-son qarori asosida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish, yangi nashr va tarjimalarni ko‘paytirish, kutubxona hamda ta’lim muassasalarini boyitish ustuvor vazifa etib belgilandi. Ushbu ezgu maqsadlar amalda ham o‘z ifodasini topmoqda.

Joriy yilning 10–15-fevral kunlari Surxondaryo viloyati shahar va tumanlarida 37 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirokida “Yosh kitobxon” tanlovining hududiy bosqichlari o‘tkazildi. Tanlov nafaqat bilimlar bellashuvi, balki tafakkur, mustaqil fikrlash va dunyoqarash sinoviga aylandi. Saralangan 150 nafar faol kitobxonni taqdirlash marosimi Termiz shahridagi Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.

Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov yoshlarni samimiy muborakbod etib, ularning bilimga chanqoqligi va intiluvchanligi jamiyatimiz kelajagi uchun mustahkam poydevor ekanini ta’kidladi. Ochiq muloqotda yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglanib, kitobxonlik harakatini yanada kengaytirish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Alohida e’tiborga molik jihati shundaki, hududiy bosqichda saralangan 150 nafar yosh tahsil olayotgan maktablarga 100 mingdan ortiq kitob nusxalarini yetkazish maqsadida “Kitoblar karvoni” yo‘lga chiqarildi. Bu tashabbus chekka hududlardagi ta’lim maskanlariga ham yangi adabiyotlar kirib borishini ta’minlab, yoshlarning bilim manbalariga bo‘lgan imkoniyatini kengaytiradi. “Kitoblar karvoni” — bu shunchaki kitob yetkazish emas, balki ma’naviyat, tafakkur va orzu-intilishlarni ulashishdir.

Ta’kidlanganidek, mart oyida viloyatdagi barcha tashkilot va idoralarda faoliyat yuritayotgan davlat xizmatchilari o‘rtasida ham kitobxonlik tanlovi o‘tkaziladi. G‘olibni avtomobil bilan taqdirlash rejalashtirilgani esa mutolaaning jamiyat hayotidagi nufuzi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.

An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida ham g‘oliblar munosib rag‘batlantiriladi. Bu esa yoshlarni nafaqat ko‘proq o‘qishga, balki chuqur mushohada qilishga, o‘z ustida ishlashga undaydi.

Zero, kitob — tafakkur charog‘i. Uni qo‘lga olgan yosh esa kelajakka dadil qadam qo‘yadi. Surxondaryoda boshlangan bu ma’naviy harakat yurtimizning barcha hududlarida kitobga mehr uyg‘otib, ma’rifat nurini yanada keng yoyishiga shubha yo‘q.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Surxondaryoda kitob bayrami

Mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlar qalbida mutolaa zavqini mustahkamlash...

Ramazon — ichki tinchlik, ma’naviy barqarorlikka yetaklaydi

Har yili musulmon dunyosi intiqlik bilan kutadigan Ramazon oyi...

Oqibatsiz qarindosh

Ma’muriy sudga arizachi Nigora Hasanova (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) ariza bilan...

Tashabbus, tajriba va natija uyg‘un bo‘lsa…

Bugun yoshlar bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik...
KunTun
KunTun