Har yili musulmon dunyosi intiqlik bilan kutadigan Ramazon oyi keldi. Bu oy nafaqat toat-ibodat va ro‘za bilan bog‘liq, balki ruhiy poklanish, sabr-toqatni oshirish va jamiyatda birdamlikni mustahkamlash davri sifatida e’tiborga loyiqdir.Shu bois, muqaddas oyning har lahzasi insonlar hayotida chuqur iz qoldiradi.
Ramazon oyida tongdan quyosh botgunga qadar tutilgan ro‘zaning ahamiyati ham beqiyos. Ro‘za faqat ovqat va ichimlikdan tiyilish emas, balki yomon so‘zlardan, g‘azab va hasad singari salbiy illatlardan tiyilish demakdir. Shu tariqa ro‘za insonni ruhiy jihatdan poklaydi, qalbni tozalaydi va Allohga yaqinlashtiradi. Boshqa bir jihatdan ro‘za sabr-toqatni oshiradi, insonni o‘z ustida ishlashga undaydi. Ro‘za tutish orqali odamlar salbiy odatlaridan voz kechishni, qalbni yumshatishni va mehr-muhabbatni kuchaytirishni o‘rganadilar. Shu bilan Ramazon insonni ichki tinchlik va ma’naviy barqarorlikka yetaklaydi.
Ramazon oyining yana bir muhim jihati — ijtimoiy birlikdir. Bu oyda odamlar nafaqat o‘zini poklaydi, balki jamiyatga foydali bo‘lishga harakat qiladi. Faqir va yetimlarga yordam berish, xayriya tadbirlarida ishtirok etish va hamjihatlikni oshirish Ramazon oyining ajralmas qismidir. Har yili Ramazon oldidan turli tashkilotlar, korxonalar xayriya aksiyalarini, iftorlik tadbirlarini va ijtimoiy loyihalarni amalga oshiradilar. Bu tadbirlar yordam oluvchilar uchun quvonch, yordam qiluvchilar uchun esa ruhiy mamnuniyat manbayi bo‘ladi. Shu tariqa, Ramazon nafaqat shaxsiy, balki ijtimoiy barakani oshiruvchi oy sifatida ham namoyon bo‘ladi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, Ramazon oyida oilaviy qadriyatlar ham alohida ahamiyatga ega. Oila a’zolari birgalikda iftorlik qiladilar, tong namozida qatnashadilar va Qur’on tilovat qilishadi. Bu oilada mehr-muhabbatni mustahkamlaydi va avlodlar o‘rtasida diniy qadriyatlarni uzluksiz davom ettirishga xizmat qiladi. Ramazon oilalarni birlashtiradi, yaqinlar bilan vaqt o‘tkazishga undaydi va bolalarga sabr-toqat, yaxshilik va xayr-ehson qilish kabi qadriyatlarni o‘rgatadi. Shu tariqa, bu oy shaxsiy va ijtimoiy tarbiya manbayi sifatida ham ahamiyatlidir.
Ramazon nafaqat ibodat va xayriya, balki madaniy va ta’limiy faoliyat oyidir. Masjidlarda Qur’on musobaqalari, diniy ma’ruzalar va ma’naviy tadbirlar o‘tkaziladi. Bu tadbirlar yosh avlodni iymon va diniy bilimlar bilan tanishtiradi, an’anaviy hamda diniy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga xizmat qiladi. Ramazon insonlar orasida mehr-oqibat va bir-birini hurmat qilish odatlarini mustahkamlash davri sifatida ham namoyon bo‘ladi. Shu sababli, bu oy jamiyatda
tinchlik, hamjihatlik va do‘stona munosabatlarni oshirishga yordam beradi.
Ruhiy poklanish va ijtimoiy birlik oyining yaqinlashgani nafaqat musulmonlar, balki butun jamiyat uchun quvonchli voqea.
Ramazon oyida inson qalbini tozalaydi, sabr-toqatni oshiradi va ijtimoiy mas’uliyatni his qiladi. Har bir musulmon bu oyda o‘zini tarbiyalash, oilasi bilan bog‘liqlikni mustahkamlash va jamiyatda yaxshilik qilishga intiladi. Shu bilan Ramazon nafaqat shaxsiy, balki ijtimoiy barakali va foydali davrga aylanadi. Bu davrda har birimiz mehr-muhabbatni kuchaytirish, birdamlikni mustahkamlash va ruhiy jihatdan o‘zimizni boyitishga intilishimiz zarur.
Muxlisa Ergashova,
Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

