“Xo‘jayikon” yo‘talimni yo‘qotdi”

Date:

Insoniyat texnika taraqqiyoti ortidan quvib, ko‘p hollarda tabiatning o‘ziga xos shifo ekanligini unutib qo‘ydi. Ammo har bir zamonaviy dori-darmonning ildizi, aslida, tabiatning o‘zidadir. Toza havo, tiniq suv, tabiiy tuz — bular inson hayoti uchun eng qudratli davo bo‘lib qolmoqda. Shu ma’noda, Surxondaryo viloyatining Ko‘hitang tog‘lari bag‘rida joylashgan “Xo‘jayikon” tuz g‘ori bugun nafaqat tabiiy boylik, balki inson salomatligi uchun bebaho manba sifatida qayta kashf etilayotir.
Dengiz sathidan 1200 metr balandlikda joylashgan bu g‘or asrlar davomida o‘z sirlarini yashirib kelgan. Olimlar fikricha, g‘or ichidagi havo tarkibida mavjud ionlashgan tuz zarralari nafas yo‘llarini tozalaydi, yurak va asab tizimini tinchlantiradi, allergiya va bronxit kabi kasalliklarni yengillashtiradi. “Xo‘jayikon” g‘orida yarim soatlik nafas olish bir necha soatlik fizioterapiya muolajasiga teng ta’sir ko‘rsatadi.
Bugun bu tabiiy maskan salohiyatini amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida “Sherobod Crystal Salt” MCHJ tomonidan Germaniyaning mashhur “Bizayla” kompaniyasi bilan hamkorlikda 15 million AQSH dollarilik “Salomatlik turizmi shaharchasi” loyihasi ishga tushirilmoqda.
Mazkur shaharcha aholiga va xorijiy sayyohlarga yuqori darajadagi sog‘lomlashtirish xizmatlarini taqdim etadi. Tabiiy tuz g‘ori asosida barpo etiladigan davolash maskanlarida nafas yo‘llari kasalliklari, yurak, asab hamda immun tizimi muammolarini tabiiy yo‘l bilan davolash imkoniyati yaratiladi. Bu tashabbus Surxondaryoni nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo miqyosida sog‘lom turizm markaziga aylantirish sari muhim qadamdir.
— Yillar davomida bronxit kasalligidan aziyat chekardim, — deydi Saodat aya Xolmurodova. — Har xil davo usullarini sinab ko‘rdim, ammo foydasi kam bo‘ldi. O‘tgan yili tuz g‘origa borib, bir necha kunlik muolajadan so‘ng o‘zimni yengil his qildim. Nafasim ochildi, “Xo‘jayikon” yo‘talimni yo‘qotdi. Bu joy — haqiqiy mo‘jiza. Tabiatning kuchini o‘sha yerda chinakam his qilasiz.
Bunday misollar tobora ko‘paymoqda. Shifokorlar ham bemorlarning holati yaxshilanayotganini qayd etishayotir. Shu bois bu maskan tobora ko‘proq e’tibor va investitsiyalarni o‘ziga jalb qilmoqda.
Bundan tashqari, “Xo‘jayikon tuz” MCHJ tomonidan mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish ishlari ham olib borilmoqda. Zamonaviy texnologiyalar asosida yuqori sifatli mineral tuz mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda, bu esa nafaqat ichki bozorni, balki eksport yo‘nalishini ham kengaytiradi. Natijada, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, hudud iqtisodiyotiga yangi nafas kirib kelmoqda.
Loyihalarni samarali amalga oshirish uchun infratuzilmani yaxshilash, yo‘llarni ta’mirlash, transport va aloqa tizimini rivojlantirish kabi masalalar ham e’tibor markazida.
“Xo‘jayikon” bugun Surxondaryo viloyatining faxri, O‘zbekistonning tabiiy mo‘jizasi, insoniyatga esa sog‘lom hayot eshigini ochayotgan maskandir. Bu joy bizga bir narsani eslatadi: tabiat — insonning eng buyuk shifokori. Uni asrash, undan oqilona foydalanish — bugunning eng dolzarb vazifasidir.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Oltinsoyni yayov kezganda…

Oltinsoy tumanidagi 1-son texnikumida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish,...

Hashar birlikka chorlar

Termiz shahri bo‘ylab barcha mahallalarda umumxalq xayriya hasharlari uyushqoqlik...

Surxondaryoda sport rivojlantiriladi

Surxondaryo viloyat sport boshqarmasi boshlig’i Ravshanbek Maxmudov Fransiyaning “Group...

Hamkorlik yangi bosqichda

Dushanbe shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Tojikiston oliy ta’lim muassasalari...
KunTun
KunTun