Mustaqillik haqida muhim manba

Date:

Alixonto‘ra Sog‘uniy Turkiston xalqining ozodligi va milliy mustaqilligi uchun kurashgan, yoshligida Turkistonning Chor Rossiyasiga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlarda faol ishtirok etgan atoqli olimi va adib, Sharqiy Turkiston jumhuriyatining birinchi prezidenti hamda marshali. U mustabid sovet tuzumiga qarshi turgan va uning kirdikorlarini tanqid qilgan, mustamlaka siyosatini qabul qilmagan yurt fidoyisi edi. Umrining ko‘p qismini quvg‘inda, qamoqxonalarda, tazyiq va ta’qib ostida o‘tkazgan Alixonto‘ra Sog‘uniy tomonidan 1966-1973-yillarda yozilib, uning avlodlari tomonidan nashrga tayyorlangan “Turkiston qayg‘usi” nomli asarda Turkiston o‘lkasining Chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi, aholisining mustamlakaga aylantirilishi haqida bir qancha ma’lumotlar yozib qoldirilgan. Muallif kitobida o‘zi yashagan davrdagi o‘lkada mavjud bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy holatni tahlil etdi. Xonliklar davrida Vatanimiz, millatimiz yuz yildan ortiq bosqinchilar qo‘lida, mustamlaka zulmi ostida ezilib kelayotganligining asosiy sabablarini tushuntirdi. Turkiston o‘lkasida yuzaga kelgan ittifoqsizlik, dinni asosi bilan tushunmagan madaniyat dushmanlari hokimiyat tepasida bo‘lishi, mamlakatning mudofaa quvvatiga ahamiyat berilmagani, xalqimizning xurofot zulmati va jaholat botqog‘iga butunlay botganligi, zamonaviy fan ilmlarini o‘qish va o‘qitish ishlariga e’tibor bo‘lmaganligi deb ko‘rsatadi. U yana o‘lkadagi vaziyatda boshqaruv tizimidagilarning munosabatlarini baholab, “Chet davlatlar bilan aloqa bog‘lamadilar, o‘qish, o‘qitish ishlariga hech qanday ahamiyat bermadilar. Muallif mamlakat mudofaasi haqida fikr yuritar ekan: “Hozirgi madaniyat olamida millatning o‘z huquqini saqlash sharafi uning qurol kuchigagina bog‘lanmishdir. Shunga ko‘ra, Vatan bolalari oldimizdagi kelajak kunlarni tasavvur qilib, zamonaviy ilmni o‘qishga chin ko‘ngillari bilan kirishib, halol meros, o‘z Vatanlarini egallash uchun mudofaa quvvati tayyorlashga tish-tirnoqlari bilan yopishsinlar”, deb nasihat qiladi.
Alixonto‘ra Sog‘uniy birinchilardan bo‘lib ushbu tuzum mafkurasining tub mohiyatini anglagan, uning inson tabiatiga, erkinligiga, umuminsoniy qadriyatlarga zid ekanligini tushuntirishga harakat qilgan hamda o‘z mulohazalarini shunday ifodalagan: “Hayot olamida eng ulug‘, oliy darajali yaratilgan narsa shubhasiz insondir. Shuning uchun inson huquqlarini eng yuqori darajada saqlash haqiqiy madaniyatning ajralmas tarmoqlaridan biridir. Madaniyat qayerda, qaysi millatga xos bo‘lmasin insoniyatni saqlash uchun hukumat qo‘lida adolat quroli bo‘lib turar ekan, ana shu chog‘dagina butun xalq haqiqiy madaniyatga erishib, tinchlik bilan rohatda turmush kechira oladi. Buning natijasida insoniyat xususiyati bo‘lgan har kimning erk-ixtiyori o‘z qo‘lida saqlanadi. Kim yer yuzining qaysi o‘lkasida bo‘lishni xohlar ekan, u hech qanday to‘sqinlik ko‘rmaydi”.
Alixonto‘ra Sog‘uniy “Turkiston qayg‘usi”da o‘lkada XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab, XX asrning ikkinchi yarmigacha bo‘lgan davrda yuzaga kelgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar haqida o‘z qarashlarini bildirgan bo‘lsa-da, ushbu manba bugungi XXI asrning birinchi choragida ham dolzarb masalani o‘z ichiga olgan, mazmunan eskirmagan manba hisoblanadi. Bu kitob buzg‘unchi g‘oya va harakat tarafdorlari, o‘z yurti va xalqiga xiyonat qilayotgan kimsalarga qarshi mafkuraviy kurash olib borishda, ularni o‘zlikni anglash, o‘zlikni unutmaslik ruhida tarbiyalashda, shaxsni xalq dardi va qayg‘usi bilan yashashga o‘rgatishda, xalq ongiga mustaqillikning qadriga yetish kerakligini singdirishda muhim qo‘llanma hisoblanadi. Uni o‘qigan kitobxon bir asr davomida sovet davlatining mustamlakachilik siyosati natijasida milliy mustaqilligidan, tilidan, dinidan, ma’naviyatidan mosuvo qilingani qanday oqibatlarga olib kelganligi xususida tasavvurga ega bo‘lish bilan birga mustaqillikni qo‘lga kiritish xalq orzusi ekanligini, unga erishish va uni saqlab qolish yurtning har bir farzandini burchi ekanligini his qilishni o‘rganadi.

Shoira Davlatova,
TerDU o‘qituvchisi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

8 nafar yosh ish bilan band

Angor tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida...

Qumdagi va toshdagi yozuv

Bir kuni ikki do‘st tortishib qolishdi va biri ikkinchisiga...

Taassurot hayratlanarli

Termiz davlat pedagogika instituti o‘qituvchilari tashabbusi bilan talabalar “Qo‘g‘irchoq”...

Bizda bronza medal!

Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlarining III...
KunTun
KunTun