IMOM MOTURIDIY MA’NAVIY MEROSINING BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

Date:

Islom tafakkuri va aqidaviy ta’limot tarixi davomida shakllangan eng nufuzli ilmiy maktablardan biri — moturidiylik ta’limotidir. Bu maktabning asoschisi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad al-Moturidiy as-Samarqandiy (IX–X asrlar) Islom olamida sunniy aqidaviy fikrning yetuk vakillaridan biri sifatida tanilgan. Uning aqidaviy qarashlari, falsafiy tahlillari va ma’naviy merosi asrlar davomida Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalarda aqidani shakllantirish, yosh avlodni tarbiyalash va jamiyatda ma’naviy barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutib kelgan.

Imom Moturidiy ta’limoti, avvalo, aql va naql uyg‘unligiga tayanadi. U inson aqlini Alloh tomonidan berilgan ulug‘ ne’mat sifatida baholaydi va uni dinni anglashda asosiy manba sifatida qabul qiladi. Moturidiy aqidaviy tizimni aynan shu asosda barpo etgan va e’tiqod masalalarini ilmiy-ratsional mantiqiy asoslarda mustahkamlashga intilgan. Uning ta’limotida aql va vahiy o‘rtasida ziddiyat emas, balki o‘zaro uyg‘unlik mavjudligi ta’kidlanadi.

Moturidiy asarlarida din faqat ibodatlar to‘plami sifatida emas, balki murakkab falsafiy va ijtimoiy masalalar bilan chambarchas bog‘liq holda tahlil qilinadi. Uning “Kitob at-tavhid” asarida aqidaviy masalalar falsafa, mantiq va kalom uslubida asoslab berilgan. Moturidiyning ta’kidlashicha, inson o‘z aqli orqali Allohning mavjudligini, u zotning sifatlarini va vahiyga ehtiyojini anglay olishi kerak. Bu qarashlar zamonaviy jamiyatda ilm va ma’rifat asosida dinni anglash, e’tiqodda muvozanatni saqlash hamda diniy muammolarga aql va dalilga asoslangan yechimlar taklif etishda muhim ahamiyatga ega.

Bugungi kunda globallashuv, axborot oqimi va turli mafkuraviy ta’sirlar inson, ayniqsa yoshlar ongiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday sharoitda diniy-ma’rifiy barqarorlikni ta’minlash, yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrash dolzarb vazifalardan biriga aylangan. Imom Moturidiyning ilmiy merosi bu borada mustahkam asos sifatida xizmat qiladi. Uning ta’limoti radikalizm, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda aqlga suyangan, bag‘rikeng va muvozanatli diniy dunyoqarashni shakllantirishga yordam beradi. Moturidiy qarashlari asosida tuzilgan ta’limiy va tarbiyaviy dasturlar yoshlarda tanqidiy fikrlash, tahlil qilish qobiliyatini rivojlantiradi va ularni mustahkam aqidaviy immunitetga ega shaxslar sifatida kamol toptirishga xizmat qiladi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Imom Moturidiyning ta’limoti faqat diniy sohada emas, balki ijtimoiy, falsafiy va ma’naviy-ma’rifiy hayotda ham muhim o‘rin tutadi. Uning inson, adolat, ixtiyor va taqdir haqidagi fikrlari inson huquqlari, axloqiy mas’uliyat va jamiyatdagi tenglik kabi umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘undir. Moturidiyning ushbu qarashlari faqatgina islom olamida emas, balki xalqaro miqyosda ham ahamiyatli deb baholashga asos yaratadi.

Xulosa qilib aytganda, Imom Moturidiyning ma’naviy merosi bugungi zamonaviy jamiyatda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmay kelmoqda.  Uning ilmiy qarashlari va ijodiy merosi aqidaviy barqarorlik, ma’rifiy taraqqiyot va bag‘rikenglik asosida jamiyatni rivojlantirishda, ayniqsa yosh avlod ongini soflashtirishda beqiyos ahamiyatga ega. Shuning uchun ham Imom Moturidiyning asarlarini chuqur o‘rganish, zamon talablari asosida tahlil qilish va amaliyotga joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Abdullaziz ABDUVAXIDOV,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Xavfsizlikni ta’minlash muhim qadam

Bugungi kunda mamlakatimizda aholi xavfsizligini ta’minlash, turli favqulodda vaziyatlarning...

RUXSATNOMA OLMAY  FOYDALANMANG!

“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi viloyat hududiy sho‘basi, viloyat Elektromagnit moslashuv xizmati...

“E-auksion.uz” — ochiq savdo maydoni

Bugungi tezkor hayotda har birimizning xayolimizda turli biznes g‘oyalari...

Kamchiliklar bartaraf etildi

Jarqo‘rg‘on tumanida davlat tilining nufuzini oshirish, uni hayotimizning barcha...
KunTun
KunTun