“Qish g‘amini yozda ye” deb bejiz aytishmagan. O‘tgan qish, sovuq ob-havo hali yodidan ko‘taril-maganlar turgan gapki, xonadonida kuz-qish mavsumiga hozirdanoq munosib tadorik ko‘rib boshlagan. Demak, ayni kunlarda nafaqat xonadonlarda, tashkilot va idoralarda ham mavsumga tayyorgarlik avjida.
Qolaversa, Prezidentimiz tomonidan energetika sohasini modernizatsiya qilish, aholini barqaror va sifatli kommunal xizmatlar bilan ta’minlash mahalliy hokimliklar oldidagi ustuvor vazifa sifatida belgilanganini ham unutmaslik lozim. Ayni vazifalardan kelib chiqqan holda mavsumiy muammolarning oldini olish, tarmoq va stansiyalarni ta’mirlash hamda ularning uzluksiz faoliyatini ta’minlash maqsadida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari amalga oshirilayotir.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahridagi “Navro‘z” mahallasida joylashgan TMZ-110 kV podstansiyasida bo‘lib, 2025-2026-yilgi kuz-qish mavsumiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari ijrosi bilan tanishdi. Mutasaddilar tomonidan elektr tarmoqlari va podstansiyalarni rekonstruksiya qilish, yangi liniyalar tortish hamda elektr energiyasining barqarorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi. Albatta, bunday sa’y-harakatlar qishning qor-qirovli kunlarida elektr energiyasidan uzilishlarning oldini oladi.
Bunday uzilishlar, nosozliklar barcha hudud va mahallalarda kuzatilishi mumkin. Shunday ekan, barcha hududlarda birdek nazorat o‘rnatib, aholi uchun qulay shart-sharoit yaratmoq lozim. Shu sababdan, viloyat rahbarining keyingi manzili shahrimizdagi “Guliston” mahallasi bo‘ldi. Mahallada joylashgan ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatuvchi “Surxon sohil communal” boshqaruv-servis kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. Shu yerning o‘zida viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi mutasaddilari hamda boshqaruv servis kompaniyalari rahbarlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazilib, mavsumga tayyorgarlik holati muhokama qilindi va zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shu bilan birga, boshqaruv kompaniyalari faoliyati samaradorligini oshirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida texnik jihozlar topshirildi.
“Surxon tongi”