Har qanday huquqiy-demokratik davlatda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining haq-huquqlari qonun bilan himoyalangan. Zero taraqqiyotning eng muhim omillaridan biri ham shubhasiz, qonuniy faoliyat yuritishdan iborat hisoblanadi. Ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar huquqiy-normativ hujjatlarda o‘z aksini topadi. Ushbu huquqiy kelishuv shunisi bilan ahamiyatliki, har ikki tarafning huquq va majburiyatlari unda o‘z aksini topgan bo‘ladi. Ya’ni ta’minotchi ham, iste’molchi ham qonunda belglilangan tartibda o‘z burch va vakolatlariga egadir.
Viloyat “Matbuot uyi”da Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mutasaddilari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda dastlab Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan 2024-yil hamda 2025-yil 1-choragida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan boshqarmasi boshlig‘i Fayzulla Samatovning hisoboti tinglandi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasiga jismoniy va yuridik shaxslardan 2024-yil yakunlari bo‘yicha 1600 dan ortiq, 2025-yil 1-choragida 1800 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan.

— Murojaatlar malakali mutaxassislarimiz tomonidan o‘rganilishi natijasida 2024-yil davomida 6,5 milliard so‘mdan ortiq, 2025-yil 1-chorakda 3 milliard so‘mga yaqin pul mablag‘lari iste’molchilar va tadbirkorlik subyektlari foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi, — deydi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i F. Samatov.
Hududiy boshqarma tomonidan “Toza hudud” DUK korxonasida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 2024-yilda 3,2 milliard so‘m mablag‘ 140 000 ta iste’molchiga hamda 2025-yilning 1-choragida jami 300 million so‘mdan ortiq mablag‘larni 4 500 ga yaqin iste’molchiga qayta hisob-kitob qilib berilganligi sohada olib borilayotgan ishlarning samaradorligidan bir nishonadir.
Joriy yilning birinchi choragida aholiga maishiy suyultirilgan gaz ta’minoti va narxlari yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida “Hududgaz Surxondaryo gaz ta’minoti filiali” tomonidan 410 mingta xonadonga sifatsiz maishiy suyultirilgan gaz yetkazib berilishi natijasida jami 640,3 million.so‘m asossiz daromad olinganligi aniqlangan.
Bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisining maslahatchisi Otabek Usmonov ishtirok etib, tadbirkorlar, iste’molchilar va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Ochiq muloqot o‘zaro muloqot va do‘stona ruhda o‘tdi.
X. TOG‘AYMURODOV