Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar doirasida xususiylashtirish jarayonlari faollashtirilmoqda. Bu borada viloyatimizda ham tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, davlat aktivlarini shaffof va ochiq savdolar orqali xususiy sektor vakillariga taklif etish orqali mahalliy va xorijiy investorlar uchun qulay muhit yaratilmoqda.
O‘tgan yil davomida viloyatda 107 ta davlat aktivlari 252 milliard so‘mga, 2 568 ta yer uchastkasi esa 50,1 milliard so‘mga sotildi. Hozirda esa 131,5 milliard so‘mlik 44 ta davlat aktivi hamda 521,2 gektar yer maydonini o‘z ichiga olgan 6 248 ta lot auksionga chiqarilgan.
Termiz muhandislik va agrotexno-logiyalar universitetida o‘tkazilgan “Roadshow” taqdimotida ushbu jarayonlar, jumladan, sotuvga qo‘yilgan obyektlar, davlat ulushlari, yer maydonlari va bo‘sh turgan davlat mulklari haqida tadbirkorlar va jamoatchilikka atroflicha ma’lumot berildi. Respublika tovar-xomashyo birjasi vakillari, korxona va tashkilotlar xodimlari, tadbirkorlar, investorlar ishtirok etgan tadbirda keyingi yillarda davlat aktivlarini xususiylashtirish hamda sarmoyadorlarga qulay sharoit yaratish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
Prezidentimizning Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirishga qaratilgan qaroriga muvofiq, bugungi kunda 21 ta samarasiz faoliyat yuritayotgan davlat obyektlaridan
15 tasi savdoga chiqarilgan, 6 tasi esa xususiylashtirishga tayyorlanmoqda. Shu bilan birga, Denov va Qiziriq tumanlaridagi bozorlar negizida zamonaviy savdo inshootlari barpo etish uchun davlat ulushlarini xususiy sektorga sotish ishlari ham amalga oshirilayotir.
Masalan, Denovdagi “Buyuk Ipak yo‘li” MCHJ avtomobil bozori jamiyat ustav fondidagi 51 foizlik davlat ulushi 7,8 milliard so‘m evaziga xususiy sektor vakiliga topshirildi. Bu esa nafaqat xususiy sektorni rivojlantirish, balki zamonaviy infratuzilmani shakllantirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, xalqaro va mahalliy yo‘l bo‘ylaridan 53 ta yer uchastkasi auksionga chiqarilgan bo‘lib, bugunga qadar 10,8 gektar maydon 6,4 milliard so‘mga sotilgan.
2025-yilgi xususiylashtirish dasturiga asosan, viloyatda 2 ta davlat ulushiga ega korxona, 51 ta ko‘chmas mulk obyekti, 480 gektar yer uchastkalari savdoga chiqarilishi belgilangan. Shuningdek, davlat tashkilotlarining birinchi qavatlarini bo‘shatib, savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyati uchun tadbirkorlarga ijaraga berish orqali iqtisodiy faollikni oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Ijtimoiy soha obyektlaridan 13 tasi ham xususiylashtirishga tayyorlanmoqda, ulardan o‘ntasi ta’lim, 2 tasi madaniyat va bittasi sog‘liqni saqlash sohasiga tegishli.
Xulosa qilib aytganda, davlat aktivlarini xususiylashtirish va yer uchastkalarini tadbirkorlarga taklif etish orqali viloyatda ishbilarmonlar uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Mazkur tashabbuslar nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki yangi ish o‘rinlari yaratilishi va xizmat ko‘rsatish sohasining rivojlanishiga turtki bo‘lmoqda.
A. Safarova