Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zgarish-u yangilanishlar epkinini sezgan inson borki, g‘ururlanadi. Sababi, tashabbuslar, yaratilayotgan shart-sharoitlar inson uchun, uning qadri uchun. Buni his etgan har bir vohadoshimizning javobi ham ayni sa’y-harakatlarga munosib, mutanosib shaklda ekani shubhasiz.
Viloyatimizning barcha hududlari qatori Termiz shahrida ham katta bunyodkorlik ishlari davom etayotir. Zamonaviy qiyofa kasb etgan osmono‘par binolar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari foydalanishga topshirilganida, ular o‘z egalarini topib, xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirilganida yozni yoz, qishni qish demay mehnat qilayotgan soha zahmatkashlarining charchog‘idan asar qolmaydi, kelgusi rejalarga-da ilhom bag‘ishlaydi. Albatta, mas’uliyat bilan yondashilgan, sidqidildan qilingan ishda unum, sifat bo‘ladi. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik loyihalari bilan tanishar ekan, ayni jihatlarga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.
Jumladan, viloyat hokimi tomonidan “Tuproqqo‘rg‘on” mahallasidagi Dilnavo ko‘chasida renovatsiya asosida ko‘p qavatli uylar qurilishi hamda M-41 yo‘lidan Termiz daryo portigacha bo‘lgan
4K-600 avtomobil yo‘lining 2-5,4 kilometr qismida rekonstruksiya ishlari ko‘zdan kechirilarkan, ishning sifatli va tez fursatda yakunlanishi bo‘yicha topshiriq va tavsiyalar berildi. Ishlar sifatli bajarilayotgan bo‘lsa-da, tezkorlik yetishmayotgani kishi ta’bini xira qiladi, axir.
— Termiz daryo portiga olib boruvchi yo‘l bo‘yida istiqomat qilaman, — deydi fuqaro Zulfiya Safarova. — Shaharga chiqish, bozor-o‘charga borib kelish uchun taksi to‘xtatsak, manzil u qadar uzoq bo‘lmasa-da, yo‘llarimiz nosozligi uchun yo‘l kira haqi qimmatroq bo‘lar yoki haydovchilar u tarafga bormasligini aytardi. Hozir esa yo‘llarimiz asfaltlanib, ravon va tekis bo‘layotir. Bu, albatta, aholi xursandchiligiga sabab bo‘layotir.
Bugungi Termiz kechagisidan tubdan farq qiladi. Shahar qiyofasi o‘zgargan, zamonaviy ko‘rinishdagi binolarga yashillig-u obodonchilik yanada fayz ulashgan. Bunday manzara zavqini shahar bo‘ylab piyoda kezib ham his etish mumkin. Qayga boqmang, bahri dilingiz ochilib, kayfiyatingiz ko‘tariladi. Qavatini sanab aqlingiz shoshadigan osmono‘par turarjoylar deysizmi, odamlar bilan gavjum savdo majmualari, Yangi Termizga xos bo‘lgan arxitektura san’atining takrorlanmas yaratiqlari termizliklar bilan birga mehmonlarimiz hayratiga sabab bo‘layotir. Viloyat hokimi tanishuvni “Yangi Termiz City” va “Saxovat” mahallasidagi turar joylar, mehmonxona, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, “Movaro” turarjoylar majmuasidagi namunaviy savdo nuqtalari loyihalari taqdimoti bilan davom ettirdi.
Tashrif buyuradigan mehmonlar uchun “Kattabog‘” mahallasining bo‘sh yer maydonida kun-u tun ishlaydigan turizm ko‘chasining faoliyat boshlashi eng yaxshi tuhfa bo‘lishi turgan gap. Qolaversa, yangi mehmonxonalarning qurilishi ham turizm sohasiga yangi qadamlarni boshlab beradi. Shahrimizdagi “Bog‘ishamol” mahallasining “Farovon” massivida “Bargi sabz” MCHJ tomonidan ko‘p qavatli uylar va zamonaviy mehmonxona qurilishiga tamal toshi qo‘yilgani esa fikrimizning tasdig‘idir.
— Yaqinda poytaxtdan shahrimizga do‘stim mehmon bo‘lib keldi, — deydi D. Bahodirova. — Men esa mehmonni hali u restoran, hali bu tamaddixonalarga olib borish bilan birga, ham ziyorat, ham sayohat deya Termiz bo‘ylab sayr qildirdim. Qaytar chog‘ida kursdosh do‘stim mamnunlik qiyofasida chekka va olis hudud sifatida Termizni umuman boshqacha tasavvur qilganini, aslida shahrimiz Toshkenti azimdan kam emasligini aytganida, rosti, quvondim, ona shahrim bilan faxrlandim ham.
O‘rganishlar bu bilan tugamadi, balki barcha jabha, barcha sohalardagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etishni o‘ylagan viloyat rahbari O‘zbekiston velosport federatsiyasi raisi o‘rinbosari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida velosport turini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, yosh sportchilarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham muhokama qilindi.
O‘z muxbirimiz