Barcha sohalarni rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida viloyat rahbari tinim bilmay, o‘rganish,, tekshirish, nazorat ishlarini olib borayotir. Hattoki, sport sohasi ham hokimimizning diqqat markazida.
Yoshlarni sportga jalb qilish, ularning iqtidorlarini kashf etish, mahoratlarini oshirish uchun eng avvalo, munosib shart-sharoit yaratish lozim. Ana shundan keyin natija kutish o‘rinli bo‘ladi.Surxondaryo viloyatida ta’lim va sport sohalarini rivojlantirish, o‘quvchilar va sportchilar uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov mazkur yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar ijrosini o‘rganishni Termiz shahridan boshladi.
Dastlab, viloyat Pedagogik mahorat markazi faoliyati ko‘zdan kechirilib, o‘quv kurslarida qatnashayotgan o‘qituvchi va murabbiylar bilan suhbat o‘tkazildi. Muloqot davomida ta’lim tizimini takomillashtirish, ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish, o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda maktab-mahalla-oila hamkorligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, 17-sonli umumta’lim maktabida o‘quvchilar davomatini nazorat qilish maqsadida joriy etilayotgan Yagona elektron apparat-dasturiy kompleks (turniket) imkoniyatlari o‘rganildi. Ushbu tizim orqali o‘quvchilarning maktabga kelib-ketishi yuzni tanish texnologiyasi asosida nazorat qilinadi va bu haqda ota-onalarga avtomatik ravishda xabar yuboriladi. Mazkur tizim Termiz shahridagi barcha maktablarda o‘rnatilgan bo‘lib, uni viloyatdagi umumta’lim maktablarida bosqichma-bosqich joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Yakka kurash turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida viloyat sport federatsiyalari tomonidan olimpiya va paralimpiya o‘yinlariga nomzodlarni tayyorlash jarayoni muhokama qilindi. Mutasaddilarning axborotlari tinglanib, sportchilarning tayyorgarlik jarayonini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.