Inson turli sabablar bilan o‘z Vatanidan uzoqda, boshqa bir joyni Vatan qilib yashashga majbur bo‘ladi. O‘sha yerda tup yozib, palak otishi mumkin, ammo fuqarolik parporti bo‘lmasa, o‘zini shu yurtga o‘gay farzanddek his etishi aniq. Qumqo‘rg‘onlik Zaytuna Karimova ham ana shunday hislarni boshidan o‘tkazib yashadi. Tojikistonda tug‘ilgan bo‘lsa-da, bir yoshida O‘zbekistonga ko‘chib kelib, muqim yashab qolgan ota-onasi sabab ilk qadamini Surxon zaminiga tashlagan qizaloqni tili ham o‘zbek tilida chiqdi. O‘ziga Vatan bilgan davlatning fuqaroligini ololmay, fuqaroligi yo‘q shaxs sifatida yashash Zaytuna uchun ko‘plab noqulayliklar keltirib chiqardi. Pasport ololmadi, turmushga chiqqanidan so‘ng esa birin-ketin dunyoga kelgan uch farzandiga ham tug‘ilganlik haqida guvohnoma olishda muammoga duch keldi. Hamma ovoz berganida, u yurtimizda bo‘layotgan siyosiy jarayonlarga ishtirok eta olmadi. O‘n yillik sa’y-harakatlari esa bugun o‘z natijasini berdi. Unga viloyatimiz hokimining shaxsan o‘zi tantanali tarzda O‘zbekiston fuqaroligi berildi. bundan Zaytunaning quvonch-u hayajoni cheksiz. O‘zini barcha bilan shu davlatning teng huquqli fuqarosi sanay boshladi. Endi u saylovlarda ishtirok etishi, sayohatga chiqishi mumkin. Farzandlarini esa guvohnomalarini yangilab, fuqaroligini tasdiqlatishni o‘zi uchun birinchi galdagi vazifa sanagan Zaytuna ularni onalari yanglig‘ qiynalishini istamaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida”gi farmonga muvofiq, fuqaroligi bo‘lmagan, boshqa davlat fuqaroligini olmagan va mamlakatimizda doimiy yashab kelayotgan shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligi berildi. Ushbu qaror inson huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning uzviy davomi sifatida qabul qilindi.
Mazkur Farmon asosida Surxondaryo viloyatida Zaytuna Karimova yanglig‘ yana 56 nafar shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi. Shu munosabat bilan viloyat hokimligida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov fuqarolik maqomini olgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID kartalarni topshirib, ularni ushbu muhim voqea bilan samimiy qutladi. Shuningdek, tadbirda viloyat prokurori Baxtiyor Babajanov va Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Timur Ismoilov ham ishtirok etdilar.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston fuqaroligini olish fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga mamlakatning barcha huquq va erkinliklaridan to‘liq foydalanish imkonini berishini, ularning ijtimoiy himoyasi va huquqiy maqomini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
— Men asli Sherobod tumanida tug‘ilganman. Taqdir taqazosi bilan Tojikistonda o‘rta maktabni tamomlashimga to‘g‘ri kelgan. Shu yillari birinchi pasportimni o‘sha yerdan oldim. Shu-shu Surxondayoga qaytgach, yurtimiz fuqaroligini ololmadim. 31 yildan buyon o‘z vatanimda fuqaroligi bo‘lmagan shaxs sifatida yashab keldim. Buni qarangki, ko‘pchilik qatori menga ham fuqarolik berildi. bundan juda xursandman, Prezidentimizga, hokimimizga ming rahmat.
Bugungi kunda yurtimizda fuqarolik olish oddiy hol deyishingiz mumkin. Ammo fuqarolik olgan shaxslar suhbatida bo‘lsangiz, darrov bunday fikrdan voz kechasiz. Ularning hayajoni, quvonchi cheksiz, fuqarolik olish bilan bog‘liq armonlari arib, o‘zlarini shu jamiyatning teng huquqli a’zosi sanayotir. Buni ham his etsangiz, ko‘nglingiz mavjlanib ketadi.
Date: