Ishimiz, rejalarimizning qanday kechishi ko‘p hollarda kayfiyatimizga bog‘liq bo‘ladi. Kayfiyat esa o‘zgaruvchan, bitta so‘z kam, ikkitasi ortiqcha. Go‘zallik, nafosat ishqibozidek, atrofimizdan ayni jihatlarni qidiramiz. Ayni bahor kunlarida go‘zallikka burkangan ko‘chalar ideal qiyofa kasb etgandek bayramona: kamchiliklarni berkitib, ta’bimizni xira qilmaydi.

Ammo hamma joyning-da go‘zalligi ko‘z quvnatavermaydi. Ming o‘zimizni asraganimiz bilan, o‘nqir-cho‘nqir yo‘lda qoqilishimizning o‘ziyoq kayfiyatga ta’sir qiladi. Yetmaganiga tozalanmagan ariqlar, chiqindilarning shamolda u yoq-bu yoqqa uchib yurishi, ro‘paramizdan chiqqan mahalla binosining abgor holati esa o‘zimizga bo‘lgan ishonchni-da so‘ndirishi aniq. Nega deysizmi, nima darding, muammoying bor deya hol so‘rab kelgan mahalla faollari jam bo‘lgan binoning sharoiti shu bo‘lsa, boshqalarga qanday yordam bera olishardi?! Bu-ku mahallaning bitta fuqarosi ko‘nglidan o‘tayotgan fikr bo‘lsa, yuz, minglab odamlarning ko‘nglidan kechayotganlari esa, jamiyat hayotida tushkunlik hosil qilmaydimi?!

Viloyatimizda bu kabi holatlarga-da e’tibor qaratilib, og‘ir hudud sifatida tanlab olingan mahallalarda infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni amaliy sa’y-harakatlarning natijasi o‘laroq, qishda loy, yozda chang kechiladigan yo‘llarga tosh yotqizilib, asfaltlandi. Bir so‘z bilan aytganda, ravon yo‘llar va shinam manzillar odamlarning kayfiyatiga-da ijobiy ta’sir eta boshladi.
Mazkur mahallalarda nafaqat yo‘llarning ta’mirlanishi, balki boshqa ijtimoiy jihatlar ham e’tiborga olinib, munosib sharoit yaratishga kirishilgan. Kommunal xizmatlar sifati yaxshilanayotgani, elektr energiyasi, gaz va suvning tez-tez uzilishlariga barham berilayotganligi fikrimiz tasdig‘idir.
Ichki ariqlar betonlanib, suv sarfining foydali maqsadlarga yo‘naltirilishiga erishilayotir. Aholining tomorqadan samarali foydalanishi uchun ham zarur sharoitlar yaratilmoqda. Tomorqadagi mehnat besamar ketmay, harakat qilganni daromad bilan siylayotir. Bu esa rejani yanada katta olishga, yerga mehr berib, sidqidildan mehnat qilib, foydani oshirishga kuch va ishtiyoqni oshirmoqda.
Vohamiz bo‘ylab ana shunday bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlarda kechayotirki, viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarda bo‘lib, bu boradagi ishlarning borishiga qiziqib, topshiriqlar ijrosini muntazam o‘rganib bormoqda.

Angor tumanidagi “Navro‘z” mahallasi infratuzilmasini yaxshilash ishlari bilan tanishgan viloyat rahbari mahallaning Ulug‘bek ko‘chasidagi ichki ariqlarni betonlash jarayonini ko‘zdan kechirdi. Ishlarni jadallashtirish va ekin mavsumini hisobga olib, loyihani sifatli va qisqa muddatda yakunlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.
Albatta, har bir topshiriq, vazifa o‘z vaqtida udda qilinar ekan, aholi uchun munosib shart-sharoit yaratilgan bo‘ladi. Shu sababdan har bir mas’ul javobgarlikni his etgan holda zimmasidagi vazifalarni ado etishi zamon talabidir. Ana shundagina islohotlar to‘g‘ri amalga oshirilayotgan, odamlar bugunidan minnatdor, ertangi kuniga nisbatan esa ishonchlari baland bo‘ladi.
— Tumanimiz kundan kunga chiroy ochib, obod bo‘lib bormoqda. Ko‘chalarimiz ravon, bozorlarimiz obod, — deydi angorlik Roziya Safarova. — Bu qulayliklardan tumandoshlarimiz mamnun. Avvallari ko‘pchilik viloyat markaziga — shaharga ko‘chib ketishga intilardi. Hozir esa o‘zlari yashaydigan xonadonlarini obod qilib, tomorqasidan foydalanib, o‘zlaridagi imkoniyatni ishga solib, farovon turmush kechirishga intilayotgani, tumanimizda ham shahardan sharoit kam emasligini ko‘rsatadi.
Viloyat rahbarining keyingi manzili Sherobod tumani bo‘ldi. U yerda joylashgan “Katta hayot” mahallasini rivojlantirish loyihalarini ko‘rib chiqdi. Mazkur mahallada ikki qavatli uylarda yashovchi aholi uchun zamonaviy ko‘p qavatli turar joy kompleksi qurish loyihasi taqdim etildi. Tanishuv bahonasida mahallada joylashgan 3-sonli maktab sharoitlari ham o‘rganildi.
Bundan tashqari, M-39 avtomagistralining tuman hududidan o‘tgan qismida ko‘p qavatli uy-joylar, xizmat ko‘rsatish va savdo majmualari qurilishi bo‘yicha mas’ullarning axboroti tinglandi. Bir so‘z bilan aytganda, odamlarning farovon turmush kechirishi, barcha qulayliklardan odilona va oqilona foydalanishlari uchun zarur choralar belgilanib, bu bo‘yicha aniq ishlar, chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qisqa fursatlarda esa loyihalar to‘liq ishga tushirilgach, viloyatimiz ahli-yu mehmonlarining o‘zlari ayni qulayliklardan bahramand bo‘lishadi.
Mana shunday maqsadlarni ko‘zlagan tashrif yakunida qurilish sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda davlat dasturlari ijrosi muhokama qilindi. Kompleksdagi tashkilotlar rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlarining mas’ul o‘rinbosarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, mavjud kamchiliklar, qurilish jarayonidagi kechikishlar muhokama qilindi va kelgusi vazifalar belgilab berildi.
— Tumanimizda ham osmono‘par binolar, ko‘p qavatli turar joylar barpo etilmoqda, — deydi sherobodlik Davron bobo Meyliqulov. — Bu xonadonlarning ta’rifini eshitgan borki, o‘sha yerdan o‘z uyi bo‘lishini istaydi kishi. Farzandimni o‘qitdim, munosib ish o‘rniga ega bo‘ldi. Ana shu uy-joylardan olishni niyat qilgan o‘g‘limning harakati-yu shashtini kuzatib, mehnatning rohati, orzularning ro‘yobi shu bo‘lsa kerak-da, deb ich-ichimdan shukrona aytyapman.
Viloyat hokimining o‘rganish ishlari o‘z natijasini berayotir. Bunyodkorlik ishlarida siljish, sohalarda rivojlanish kuzatilmoqda. Shunday ekan, bayramga munosib tuhfalar hozirlanayotir.