“Yurakdagi shasht, ko‘zdagi olovni qidiraman…”

Date:

Ko‘p hollarda jismonan kuchsiz yoshlar sport bilan shug‘ullanaman-u darrov kuchli bo‘lib ketaman deb o‘ylashadi. Bu xato tushuncha. To‘g‘ri, ma’lum sport turi bilan shug‘ullangandan keyin buni tushunib yetishlari mumkin. Sportdan nimadir kutish emas, undan zavq olib, qiziqish, shasht bilan shug‘ullanish lozim. Harakatlaridan yonib turishi, ko‘zlari chaqnashi lozim. Biz trenerlar ana shu ishtiyoqni yoshlarda ko‘ra olsamgina, ularni jamoamga qabul qilaman.
Hamma ham o‘z jamoasiga kuchlilarni to‘plashga urinadi, bu muvaffaqiyat garovi. Maqsadni esa katta olganman, shunday ekan, jamoam ham men kutgan natijani bera olishi kerak. Buning uchun doimiy kuzatishda, harakatda, izlanishda bo‘lamiz.
Gandbolchi bo‘lish istagida ko‘plab yoshlar kelishadi. Ularni shug‘ullantirib ko‘raman. Qabul qiladiganlarim esa sanoqli bo‘ladi. Maktablarga ko‘p boraman, yoshlarni kuzataman, ulardan munosiblarni qidiraman. Gandbolchi bo‘lish haqida o‘ylamagan yoshlar o‘zlaridagi iqtidorni bilisharmidi, jamoamga taklif etaman. Ko‘plab sportchilarni shu tariqa kashf qilganman.
Jamoa shakllangandan so‘ng, birinchi sinfga qabul qilingan bolaga o‘qish-yozishni qanday o‘rgatishsa, gandbol texnikasini ham shunday o‘rgataman. Chunki gandbolda texnika muhim. Texnikani yaxshi bilgan bilan sportchining ongi ham tez ishlashi lozim. Shunda o‘ziga tez buyruq bera oladi va istagan gandbolchi sifatida ko‘rinish beradi.


9 yillik tajribam davomida bilim, mahorat va tajribam uyg‘unligida tayyorlab kelayotgan jamoalarim hududiy, respublika, Osiyo va jahon chempionatlarida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelayotir. Ayni paytda ham jamoam gandbol sport turi bo‘yicha viloyat birinchiligida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Hozirda musobaqaning respublika bosqichiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.
Nafaqat gandbolchilarimga, o‘zimga nisbatan ham talabchan va qattiqqo‘lman, o‘zim yoshlarga ibrat bo‘lmasam, ularning ishonchini so‘ndirgan bo‘laman. Dilfinor Abduraupova, Mohinur Panjiyeva, Kumush Jamilovalar jamoaning kuchli o‘yinchilari. Ular boshqalarni ham o‘zlariga ergashtirib, yetakchilikni qo‘lga olishadi va birdamlikda harakat qilishadi. Bunday birdamlik esa har qanday raqib jamoani cho‘chitishi aniq. Darvoza esa ishonchli qo‘lda. Suhaylo Normurodova yoshiga nisbatan ancha chaqqon va epchil. Keladigan to‘pni tezkorlik va chaqqonlik bilan qaytarib, jamoaning ruhiyatini ko‘tarib turadi.
Bizning kunlik tayyorgarlik jarayonlarimiz ham qiziqarli va maroqli o‘tadi. Xuddi har kuni raqiblar bilan qarshi o‘ynaymiz-u, o‘sha shasht bilan harakat qilamiz. Bizni hech kim yenga olmaydi va Surxondaryo, O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilamiz.

Sardor TOSHKENBOYEV,
sport murabbiyi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Surxondaryo rivojida ilmiy yondashuv va samarali boshqaruvga e’tibor kuchaytiriladi

Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining yigirma oltinchi sessiyasi bo‘lib...

Har bir tomchi suv — hosil va samaradorlik garovi

Muzrabot tumanida qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va...

Bayramga munosib tuhfa

Jarqo‘rg‘on tumanidagi Navro‘z mahallasida obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari keng...

Tantanalar etadi davom

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Uzun...
KunTun
KunTun